So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslarini tejash, ulardan oqilona va samarali foydalanish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi xavfining ortib borishi hamda qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarida suvga bo‘lgan talabning o‘sishi mazkur sohada tizimli islohotlarni izchil davom ettirishni taqozo etmoqda.
Shu bilan birga, ushbu vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni joriy etish va boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, ularning ahamiyati va kutilgan natijalar xususida Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Otabek Abdiyev quyidagilarni gapirib berdi:
–Suvni iqtisod qilish yo‘llari va usullari ko‘p. Shulardan eng muhimlaridan biri suvning hisobini aniq yuritishdir. Buning uchun har bir iste’molchi tomonidan suv olish nuqtalarida o‘lchash qurilmalari o‘rnatish kerak bo‘ladi.
Ko‘pchilik iste’molchilar tomonidan suv olish nuqtalarida suv o‘lchash va hisobini yuritish qurilmalari o‘rnatilmaganligi va bunga qiziqish bo‘lmaganligi sababli suv bilan barqaror ta’minlangan hududlarda uni samarasiz va behuda sarflash holatlari kuzatiladi. Natijada suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarga suv yetkazib berishda muammolar yuzaga keladi.
Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, suv hisobini amalga oshirishda faqatgina sug‘orish va sarf me’yori inobatga olinayotganligi natijasida iste’molchilar tomonidan olingan suvning hisob-kitobi bo‘yicha e’tirozlar bildirilayapti. Shu bilan birga, suv ta’minotida muammolar bo‘lgan va suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlardagi iste’molchilar tomonidan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga intilish biroz sust edi.
Mamlakatimiz Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan bunga yechim topildi. Qarorga muvofiq, suv bilan barqaror ta’minlangan hududlardagi suv iste’molchilariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va suv hisobini amalga oshirish uchun suv o‘lchov qurilmalarini qurishi lozimligi, aks holda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga oshirilgan holda qo‘llanilishi belgilandi. Mutaxassislar ayni shu jihat suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish borasida ijobiy natijalarga erishishga turtki bo‘ladi, degan fikrni aytishmoqda. Natijada suv resurslari tejalishiga va suv sarflanishini kamaytirgan holda foydalanishga erishiladigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan suv ta’minoti barqaror bo‘lmagan hududlarga suv yetkazib berilishi yaxshilanadi.
Shu bilan birga, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda joylashgan suv iste’molchilariga sug‘oriladigan yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan taqdirda, ajratiladigan subsidiyalar 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanishi tejamkor texnologiyalarga qiziqishni oshiradi.
Ayniqsa, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda minimal talab va me’yorlar ishlab chiqilib, shunga asosan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishi va joriy qilinganidan keyin texnologiyalarning samaradorligi va natijasiga qarab imtiyoz va choralar ko‘rilishi amaliy natijalarga erishishga olib keladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mazkur qaror suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.