Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvning haqini vaqtida to‘lash insoniylik burchimiz
18:55 / 2021-05-21

Mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv ob’ektlarini davlat tomonidan tartibga solish, boshqarish va ekspluatatsiya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida hududiy suv ta’minoti korxonalarini birlashtirgan holda «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Natijada Vazirlikning ushbu sohadagi nazorat funksiyalari kengaytirilib, unga xos bo‘lmagan xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq vazifalar «O‘zsuvta’minot» AJga yuklatildi.

Ayni paytda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan suv ta’minoti va oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, abonentlar sonini oshirish, aholining barcha qatlamini qamrab olish va bu orqali xizmat sifatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

bugungi kunda 3,9 million aholi va 89,7 ming yuridik iste’molchilar mavjud. Ularning 53 foizi ya’ni 2,1 million aholi iste’molchilari suv hisoblagichlar bilan ta’minlangan. Yuridik iste’molchilarda ushbu ko‘rsatkich 94,6 foizni tashkil etadi.

bugungi kunda respublika bo‘yicha qarzdorlik 674,1 milliard so‘mni tashkil etayotir. Qarzdorlikning 555,8 milliardi aholi, 118,2 milliard so‘mi yuridik iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Aholining ichimlik suvi bo‘yicha debitor qarzdorligi va tarmoqqa noqonuniy ulanishlarning oldini olish” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z bordi.

[gallery-2494]

Tadbirda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan aholining ichimlik suvi bo‘yicha qarzdorligini kamaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, aholiga to‘lov tizimlarini qulay qilish maqsadida elektron to‘lov tizimlari (click, paynet, payme, upay) joriy qilingan. Qarzdorlikni undirishda jamiyatning nazoratchilar jalb qilingan. Qarzdorlik holatlari yuzasidan hujjatlar fuqarolik va iqtisodiy sudlarga taqdim qilingan.

Qayd etish kerakki, o‘z vaqtida suv haqini to‘lab kelayotganlar ham bor. Masalan, elektron to‘lov tizimlari (click, paynet, payme, upay) orqali I chorakda 39,3 milliard so‘m kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 72 foizga ko‘pdir. bugungi kunda 2 ming 444 nafar nazoratchi ishga qabul qilinib, ular 2 368 ta (97 foiz) terminal va 2 587 ta (106 foiz) termoprinter bilan ta’minlangan. Joriy yil I choragida pul undiruvi 349 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 54 foizga oshgan. Hududiy korxonalar tomonidan 63,5 milliard so‘m qarzdorlik fuqarolik va iqtisodiy sudlarga taqdim qilingan.

Markazlashgan ichimlik suvi xizmatlari mavjud bo‘lgan 741 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi shartnomasiz ravishda ichimlik suvdan foydalanib kelayotgan 23343 ta iste’molchi aniqlangan.

– Shu kunga qadar iste’molchilar tomonidan ichimlik suvi tarmoqlariga 12 ming 369 ta hamda kanalizatsiya tarmoqlariga 1 ming 601 ta noqonuniy ulanmalar, 4 ming 215 ta hisoblagichdagi tamg‘alarga (plomba) shikast yetkazilgani aniqlanib, jami 14 million 376 so‘m qo‘shimcha to‘lovlar undirildi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ departament direktori Z.Zayniddinov. – Albatta, ularga nisbatan vaqtida ma’muriy jazo rasmiylashtirildi. 

Yana bir muhim ma’lumot, sohani raqamlashtirish orqali to‘lov intizomi va madaniyatini kuchaytirish, shuningdek, yetkazib berilayotgan ichimlik suvi va ko‘rsatilgan oqova suv xizmatlari bo‘yicha pul mablag‘lari oqimining shaffofligini yanada oshirish orqali korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida joriy yil 20 maydan 1 iyulgacha pilot loyiha amalga oshiriladi. Bunda Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanlarida nazoratchilar tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari butunlay to‘xtatiladi. Nazoratchilar faqatgina belgilangan tartibda kuzatuv va hatlov ishlari bilan shug‘ullanadi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan ichimlik suvi ishlab chiqarish va tarqatish inshootlari, suv yo‘qotishlarining oldini olish hamda sohani raqamlashtirishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, sohada kadrlar yetishmovchiligi, tizimda hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar borligi ta’kidlandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.

N.Bozorova, O‘zA