O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari biologik asosda ishlab chiqarilgan ko‘p qatlamli grafen yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu yangi material asosida WATER-TOL deb nomlangan suvni tozalashga mo‘ljallangan filtr-press qurilmasining laboratoriya namunasi ham tayyorlandi.
So‘nggi yillarda grafen, uglerod nanotrubkalari, fullerenlar va grafen oksidi kabi uglerod asosidagi materiallar ilm-fan va sanoatning turli yo‘nalishlarida keng o‘rganilmoqda. Biroq ko‘plab mavjud texnologiyalarda ishlab chiqarish jarayonida zaharli moddalardan foydalanilishi sababli, ularning tibbiyot va ekologiya sohalarida qo‘llanilishi cheklangan.
Mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan ko‘p qatlamli grafen esa mutlaqo yangi yondashuv asosida olingan bo‘lib, inson organizmi uchun xavfsiz va biomos nanokarbon materiali sifatida baholanmoqda.
Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, ushbu material:
- inson to‘qimalariga zarar yetkazmaydi;
- yaralarning tez bitishiga ko‘maklashadi, jumladan, diabet bilan bog‘liq surunkali yaralarda ham samarali;
- bakteriya, virus va zamburug‘larga qarshi faol xususiyatga ega;
- hujayra va to‘qimalarning tiklanish jarayonini tezlashtiradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu grafen tibbiyotda yara bog‘lovchi vositalar va antibakterial qoplamalar yaratishda, farmatsevtikada dori moddalarini yetkazib beruvchi tashuvchi sifatida, sanoat sohasida esa mustahkam va yuqori chidamli materiallar ishlab chiqarishda keng qo‘llanishi mumkin.
Shuningdek, ekologik muammolar fonida mazkur material suv va havoni tozalash, zaharli birikmalar hamda radionuklidlarni yutib olish borasida yuqori samaradorlikka ega ekani qayd etilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ko‘p qatlamli grafenning grafen oksididan asosiy farqi — uning tarkibida kislorodli funksional guruhlar mavjud emasligidir. Aynan shu jihati uni tibbiyot va ekologiya sohalari uchun xavfsiz va istiqbolli innovatsion materialga aylantiradi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/GbJcvJDwA9I?si=JsKZ4E_gzBjoy-u0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘ZA