Ichimlik suvi muammosi bugungi kunda butun dunyoda dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Quvurdan oqib kelayotgan suv bilan tomorqamizni sug‘orayotganda, mashinamizni yuvayotganda, albatta, bu haqda o‘ylashimiz kerak. Eng yomoni, suvni hisob-kitobsiz ishlatganimiz yetmagandek, pulini to‘lashni ham unutamiz. Suv ta’minotidan eshigimizni qoqib, to‘lovlarni so‘rab kelganda esa, yoqa yirtib janjal ko‘taramiz.
Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida foydalanilgan ichimlik suvi va ko‘rsatilgan kanalizatsiya xizmatlaridan muddati o‘tgan umumiy qarzdorlik jami 82 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 37 milliard so‘mi Qarshi shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur raqamlar “Qashqadaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha shtab tashkil etishni va bu borada qonuniylikni ta’minlashni talab etmasdan qolmadi.
O‘rganishlar davomida ichimlik suvidan qarzdorlar orasida o‘ziga to‘q, daromad manbai aniq bo‘lgan aholi vakillarining borligi, ularning turli vaj va bahonalar bilan suv haqini to‘lamaslikka harakat qilayotgani dilni xira qiladi. Nazoratchilar bilan yoqalashishgacha borayotgan va hatto ularga turli tazyiq va bosimlarni oshirayotgan ba’zi iste’molchilar tomonidan ko‘rsatilayotgan xurmacha qiliqlar o‘tkazilayotgan reyd davomida bir necha bor kuzatildi.
Viloyatning Nishon, Qarshi tumani va Qarshi shahri hududida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlari davomida fuqarolar tomonidan ichimlik suvidan qonunga xilof ravishda foydalanilayotgan va hatto sug‘orish ishlarida ishlatilayotgan holatlar ham kuzatildi. To‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan fuqarolarga nisbatan olib borilgan tushuntirish ishlari davomida ularning ba’zilari holatni tushunib, to‘lovlarni amalga oshirishgan bo‘lishsa, boshqa bir vaziyatlarda janjal chiqarishga urinib, atrofdagilar e’tiborini tortishga urinishlar ham bo‘ldi.
Foydalanilgan ichimlik suvi uchun hisoblagich o‘rnatishga e’tiborsizlik qilib kelgan, biroq to‘lovga kelganida buni tushunmaganlikka olib, qarzdorlikni asossiz, deya baholashdi. Biroq bu ularga foyda bermadi, qarzdor iste’molchilar tarmoqdan uzib qo‘yildi.
Toza ichimlik suvi ta’minoti dunyo bo‘yicha murakkab masalaga aylanib borayotgan bir paytda uni behuda isrof qilish, to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, innovatsion loyihalarni tadbiq etishga to‘sqinlik qilmasdan qolmaydi. Qolaversa, bugun xonadonlarimizga to‘xtovsiz oqib kirayotgan obi hayotning davomiy bo‘lishini istasak, suv haqini to‘lashni, bu esa har birimizning fuqarolik burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri