Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish va o‘rnatishda kamchiliklar mavjud
10:36 / 2023-05-13

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalar keng joriy qilinmoqda. Ammo shu bilan birga, hududlarda suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xarid qilish, loyihalashtirish va o‘rnatishda kamchiliklar mavjud. Ya’ni, ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning bu boradagi ko‘nikmalari yetarli emasligi mazkur texnologiyalarning o‘z vaqtidan kechikib joriy qilinishiga sabab bo‘lyapti. Natijada tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish amaliyoti ortda qolmoqda.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda aytib  o‘tildi. Unda Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklarining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda agrar sohada tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotlari eshitildi.

Axborotda ta’kidlanganidek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati va tarkibiy bo‘linmalariga 2022 yilda jismoniy va yuridik shaxslardan 26 ming 486 ta, Suv xo‘jaligi vazirligiga esa 2 ming 702 ta  murojaatlar kelib tushgan. Ularning qariyb 60 foizi qanoatlantirilgan.

Shuningdek, vazirlik tizimida barcha idoraviy hujjatlar, murojaatlar va boshqa ichki yozishmalar elektron hujjat almashish avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan murojaatlarni yo‘nalishiga ko‘ra tezkorlik bilan ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani deputatlar tomonidan e’tirof etildi.

Shuningdek, o‘tgan davrda jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi mutasaddilari tomonidan 10 dan ortiq, Suv xo‘jaligi vazirligi 20 dan ortiq hududlarda fuqarolar va yuridik shaxslarning vakillari ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazilgan. Deputatlar bu kabi sayyor qabullarni murojaatlar tahlilidan kelib chiqib muammolar ko‘p kuzatilayotgan hududlarda ko‘proq o‘tkazish taklifini berishdi. Chunki aksariyat murojaatlar huquqiy maslahat shaklda ijobiy yechim topmoqda.

Shuningdek, deputatlar vazirliklarga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan yanada samarali foydalanish bo‘yicha takliflar berdi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA