Mana bir necha yildirki, O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlik qilib kelaman va shu vaqt mobaynida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib kelayapman. Hatto, ba’zi jarayonlarda shaxsan ishtirok etganman. So‘nggi 25 yil davomida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti bunga munosib hissa qo‘shdi.

Agar ilgari hukumat asosan infratuzilmani saqlashga e’tibor qaratgan bo‘lsa, bugungi kunda yondashuv tubdan o‘zgardi – suvni tejash, hisobini yuritish va boshqaruvni raqamlashtirish birinchi o‘ringa chiqdi. Ko‘rinib turibdiki, bu o‘zgarishlar amalda ham sezilarli natijalar bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilgan qarori, nazarimda, ana shu jarayonning mantiqiy davomidir. Xususan, 2026-2028 yillarda suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 3,5 million gektarga yetkazish maqsadi juda muhim qadamdir. Bu ko‘rsatkich nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshiradi, balki suv resurslariga bo‘lgan bosimni kamaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, har yili milliardlab kub metr suvni tejash rejasi jahon standartlari bo‘yicha ham yaxshi natija.
Menimcha, bu qarorning eng kuchli tomonlaridan biri shuki, unda iqtisodiy instrumentlar aniq belgilab qo‘yilgan. Fermer va tadbirkorlarni kredit va subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash islohotlarning amalda tezroq natija berishini ta’minlaydi. Bunday mexanizmlar iqlim sharoiti o‘xshash bo‘lgan va o‘zini oqlagan boshqa mamlakatlarda ham qo‘llaniladi.
Shuningdek, qarorda suvni hisobga olish va nazorat qilish tizimlarini raqamlashtirish, jumladan, "aqlli" suv o‘lchash va hisobga olish qurilmalarini joriy etish, GPS kuzatuv tizimlarini kengaytirish va kengroq monitoring mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgani juda muhimdir. Zamonaviy sug‘orish menejmentida real vaqt rejimida ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish resurslarni tejashning eng samarali usullaridan biridir.
Shu bilan birga, qarorda kadrlar malakasini oshirish, ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga oid qoidalar alohida e’tiborga molik. Chunki, suv xo‘jaligidagi islohotlar nafaqat texnologiya yoki infratuzilma, balki malakali mutaxassislarni tayyorlash orqali ham barqaror natijalarga olib keladi.
Kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlar bosqichma-bosqich va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Infratuzilmani modernizatsiya qilish, nazorat va monitoringni kuchaytirish, moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish va raqamlashtirishni ilgari surish bir vaqtning o‘zida xalqaro amaliyotda "suv resurslarini kompleks boshqarish" tamoyillariga to‘liq mos keladi. Shu bois, amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat qog‘ozda, balki real hayotda ham o‘z samarasini bermoqda, deyish mumkin.
Kelgusi yilda islohotlar yo‘lini muvaffaqiyatli davom ettirish uchun miqdoriy yondashuvdan "aqlli" rag‘batlantirish, sifat nazorati va barqaror rivojlanish tizimiga o‘tishga yanada ko‘proq e’tibor qaratish zarur. Ishonchim komil, shundagina O‘zbekiston yaqin yillarda suv resurslarini samarali boshqarish va irrigatsiyani modernizatsiya qilish bo‘yicha mintaqaning namunaviy tajribasiga ega davlatlaridan biriga aylanadi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
Barbara Yanush-Pavletta,
Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti
Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili.