English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvni behuda oqizish holatlariga chek qo‘yish lozim
16:47 / 2023-10-09

Suv tanqisligi butun Yer yuzida global muammoga aylanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston ham suv tanqisligi yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida turadi. Shuning uchun ham mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvni isrof qilmaslik, obihayotdan tejamkor tarzda foydalanish madaniyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan “O‘zsuvta’minot” AJ bilan hamkorlikda “Suvni birgalikda asraylik” shiori ostida targ‘ibot haftaligi o‘tkazilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad yurtimiz aholisi va yoshlarining ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, ayniqsa, kundan-kunga globallashib borayotgan suv taqchilligining oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni belgilashdan iborat.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab “Suvni birgalikda asraylik” shiori ostida “Biz suvni tejash va isrof qilmaslikka tayyormiz” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, tuman va shaharlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, ta’lim muassasalarida, jamoalarda suvni asrash va isrof qilmaslik targ‘ib qilinmoqda.

Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi O‘zbekiston Milliy universitetida ham tashkil etildi. Unda so‘z olgan mutasaddilar suv resurslarining kamayishi va tanqisligi butun dunyoda kuzatilayotgan global muammo ekanligi, bundan tegishli xulosa chiqarib, suvni tejash va maqsadli ishlatishni o‘rganishimiz zarurligini ta’kidladi.

Suvdan foydalanishdagi isrofgarchilik, kundalik hayotimizda suvni behuda, maqsadsiz oqizib qo‘yish holatlari mavjudligi tanqid qilindi. Ayniqsa, dala hovlilardagi bog‘larda suv isrofgarchiligi juda yuqoriligi, xonadonlardagi hovuz va basseynlar ham ichimlik suvi bilan to‘ldirilishi, avtoulovlarni yuvish uchun ham ko‘pincha toza ichimlik suvi ishlatilishi yon-atrofimizda bo‘layotgan muammolardan biri ekanligi qayd etildi. 

Bu kabi holatlarga chek qo‘yish, suv isrof qilinishining oldini olish borasida talaba-yoshlarga tushuntirishlar berildi. O‘z navbatida, yoshlarning bu boradagi fikr-mulohazalari ham tinglandi.

M.Komilova, O‘zA