Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvni asrash va tejash bolalikdan boshlanadi (+video)
15:20 / 2024-01-31

Suv dunyoda boshqa muqobili yo‘q bebaho ne’mat. Bugungi kunda toza ichimlik suvi muammosi barcha xalqlarni tashvishga solayotgan global muammoga aylandi.

Respublikamizda esa ishlatishga yaroqli suvning 85 foizi qishloq xo‘jaligida ishlatilsa, 12 foizi sanoat uchun va qolgan 3 foizginasi insonlar ehtiyojiga sarflanadi. 

Bu haqda “Navoiy suv ta’minoti” AJ tashabbusi bilan Navoiy shahar 6-umumta’lim maktabida yosh avlod ongida suv iste’moli madaniyatini yanada rivojlantirish hamda ichimlik suvidan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda aytib o‘tildi. 

– Suv tabiatning eng muhim boyligi. Usiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi, – deydi “Navoiy suv ta’minoti” AJ mas’ul xodimi Lobar Do‘stova. – Suvdan foydalanishda tejamkor bo‘lish, uni isrof qilmaslik har bir fuqaroning insoniy burchi. Suvdan foydalanish madaniyatini bolalikdan shakllantirish esa barchada bu bebaho ne’matga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lishni o‘rgatadi. Hozirgi kunda esa jahon miqyosida chuchuk suv ishlatish hajmining yildan-yilga ortib borishi va buning oqibatida suv tanqisligi kelib chiqayotganligi ayni haqiqat. 

“Suvni asraymiz” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda maktabning yuqori sinf o‘quvchilari faol ishtirok etishdi. Ularga ichimlik suvini tejash, uy-ro‘zg‘or yumushlarida ichimlik suvidan oqilona foydalanish haqida bilimlar, ma’lumotlar berildi. 

Maktab foyesida ramziy ma’noda “Bekat” tashkil etilib, unda o‘quvchilar suvni asrash va tejash yuzasidan tasavvurlarini rasmlarda aks ettirishgan bo‘lsa, bir guruh o‘quvchilar fikrlarini qog‘ozga tushirishdi. Qizaloqlar suv haqida kuylangan qo‘shiqlarga raqsga tushishdi. Kimyo fani o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan tajribalar orqali suvning tabiatdagi ahamiyati, uning kimyoviy xossalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘quvchilar bilimini yanada boyitishga hissa qo‘shgan bo‘lsa ajab emas. 

– Suv hayot manbai. U aslo tekin emas, – deydi biologiya fani o‘qituvchisi Robiya Ma’murova. – Bugungi o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchilarimiz suvni tejash va undan oqilona foydalanish borasida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lib, o‘zlariga kerakli xulosalarni oldi, deb o‘ylayman. Buni ular chizgan rasmlarda, yozgan insholari mazmunidan ham bilishimiz mumkin. Suhbat davomida ular endilikda uyda ham suvdan tejamli foydalanishini bildirdi. Aslida bugungi seminarimizdan ham ko‘zlangan asosiy maqsadimiz o‘quvchilarda suvdan oqilona foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish edi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RqWCdOy2rx0" title="Suvni asrash va tejash bolalikdan boshlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Tadbir davomida o‘quvchilar ishtirokida ochiq dars tashkil etilib, unda suvning inson hayotidagi o‘rni va roli haqida ma’lumot berilib, videoroliklar namoyish etildi. O‘z navbatida o‘quvchilar ham mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. 

– Yil sayin ichimlik suvining kamayib borayotganligi to‘g‘risida ko‘p gapirilmoqda, – deydi 10-sinf o‘quvchisi Alina Maqsudova. – Bugun maktabimizda “Suv – obi hayot” mavzusida loyihalar, turli seminar- treninglar tashkil etildi. Bu tadbirlarda qiziqarli ma’lumotlar, faktlarga ega bo‘ldik. Kimyoviy tajribalar o‘tkazilib, maketlar asosida tushuntirishlar berildi. Bildimki, shu kunga qadar suvni asrash va tejash borasida juda katta loqaydlikka yo‘l qo‘ygan ekanmiz. Avtomobillarni yuvish jarayonida ham, uyda idish-tovoqlarni yuvishda ham suvdan oqilona foydalanmaganmiz. Bugungi seminardan esa o‘zimizga kerakli xulosalarni oldik. 

Tadbir yakunida faol ishtirokchilar va o‘qituvchilarga “Navoiy suv ta’minoti” AJ rahbariyatining tashakkurnomasi va kitoblar jamlanmasi topshirildi. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari