Navoiy viloyatining Nurota tumani “Suvliq” mahallasi Suvliq qishlog‘ida suv inshooti qurilib foydalanishga topshirildi.
Mazkur suv inshooti qurilishi “Ashraf” MCHJ tomonidan amalga oshirilib, 2 milliard 584 million so‘m mablag‘ sarflandi.


Loyiha doirasida 2 dona yer osti qudug‘i qazilib, 2 dona suv inshooti, 4 dona suv saqlash hovuzi qurildi va 6,5 kilometr suv quvurlari tortildi.
– Shu kunga qadar qishlog‘imiz aholisi Quruqsoydagi yagona buloq suvini iste’mol qilardi, – deydi qishloq oqsoqollaridan biri Sunnat Qurbonov. – Ammo so‘ngi yillarda qorning kam yog‘ishi, qurg‘oqchilik oqibatida buloq suvi kamayib ketgan edi. Natijada qishlog‘imiz aholisi toza ichimlik suvi muammosidan azob chekardi. Davlatimizga rahmat, bu muammomizni bartaraf etib berdi.


Suv inshootining qurib bitkazilishi natijasida Suvliq qishlog‘ida yashovchi 655 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Aholi xonadonlariga suv nuqtasi kiritilib, suv o‘lchagich moslamalari o‘rnatildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA