Guliston shahrida ochilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan rassom Anorqul Boybekov shaxsiy ko‘rgazmasi xuddi shunday nomlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar, Yozuvchilar, Hunarmandlar, Faxriy baynalmilal jangchilar uyushmalari, viloyat, shahar hokimligi, siyosiy partiyalar, Samarqand, Toshkent viloyati taniqli rassomlari, davlat va nodavlat tashkilotlari mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, viloyatdagi bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari, Guliston davlat universiteti talaba-yoshlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
[gallery-850]
Tadbirda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbari Ibrohim Valixo‘jayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator Oynisa Ortiqboyeva, Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabi direktori, shoir Muhammad Ismoil va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimizning 2020 yil 21 apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi va davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan e’lon qilingan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan tashkil qilingan mazkur shaxsiy ko‘rgazmada jannatmakon O‘zbekistonimizning kechasi, buguni va ertasi yaqqol aks etib turganini, bu esa ijodkor ulkan iste’dod sohibi ekanligidan dalolat berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
– O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan rassom Anorqul Boybekovning “Suvli bo‘yoq siri” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasining aynan bugun ochilganini o‘zida bir sir mujassam, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbari Ibrohim Valixo‘jayev. – Chunki bugun ijodkor 55 bahorni qarshiladi. Afg‘onistonda qo‘lida qurol bilan baynalmilal burchini o‘tagan Anorqul bugun qo‘lida qalam bilan tinchlik uchun beayov kurashmoqda. Akvarel janrida ijod qilishning o‘ziga xos murakkablik va qiyinchiliklari bor. A.Boybekov tomonidan yaratilgan har bir asar betakrorligi bilan ajralib turadi. Ko‘rgazmada ijodkorning akvarel janrida yaratilgan 100 ga yaqin asari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma davom etmoqda.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA