O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarining mustahkam huquqiy kafolatidir.
bugungi kunda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni referendum — umumiy ovozga qo‘yilishi huquqiy demokratik davlatchiligimiz tarixida ilk bor kuzatilayotgan demokratik progressiv qadamdir. Bu borada turli soha mutaxassislari asosli mulohazalar orqali munosabatlar bildirmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganidan bugungi kungacha unga tegishli qonunlar asosida bir necha bor tuzatishlar, qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgan bo‘lsa, ushbu qonunlar parlament tomonidan qabul qilingan, – deydi Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Nuriddin Murodov.
– Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega bu gal parlament «O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni referendum yo‘li bilan qabul qilish haqida qaror qildi? Bu qaror O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy sudiga kiritildi, bunga qanday zarurat bor yoki bundan qanday maqsad ko‘zlangan?
– Avvalo, «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq, referendum O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.
Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasi bo‘lib, referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari hisoblanadi.
Demak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga ko‘ra, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir», 9-moddasida esa «Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi», deb belgilanganligi «O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni referendum yo‘li bilan qabul qilinish eng demokratik va progressiv qaror ekanligini anglatadi, – deydi Nuriddin Murodov.
Darhaqiqat, Konstitutsiya yurtimizda bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi borasida asosiy yuridik poydevordir.
bugungi kunda birgina O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixi bilan bog‘liq muhim hujjatlar 19 ta jildda saqlanmoqda.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi, muhokama etilishi va qabul qilinishi hamda rivojlantirilishi jarayonlari mamlakatimiz mustaqilligi tarixining bevosita uzviy qismidir. Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixiga nazar solinsa, asosiy Qonun o‘zbek xalqining mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari mantiqiy natijasi ekaniga guvoh bo‘lish mumkin
– bugungi kun jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalasi, ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128 ta moddadan 155 ta moddaga, undagi normalar 275 tadan 434 taga ko‘payayotganligi, 91 ta konseptual o‘zgartishlarni o‘z ichiga olgan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni referendum — umumiy ovozga qo‘yish xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligini amalda namoyon etib, davlatimizning asosiy qonuni — oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatning muhokamasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq hukmiga havola etilayotganligi «inson-jamiyat-davlat» degan inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan tamoyilni amalda qo‘llanayotganini ko‘rsatadi, – deydi Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Nuriddin Murodov.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugungi o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat va jahonning eng ilg‘or davlatlarida amalda bo‘lgan ma’qul demokratik yo‘ldir.
Benjamin Franklin so‘zlari bilan aytganda, «Konstitutsiya insonlarga faqatgina baxtli bo‘lish huquqini beradi, uni ushlab qolish o‘zimizga bog‘liq».
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA