French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvdan samarali foydalanish yuqori hosil garovidir
19:38 / 2024-09-12

Oqar suvlarning isrof bo‘lmasligida beton ariqlarning roli muhim hisoblanadi. Bu o‘tgan asrning 70 – 80-yillarda lotok ariqlar misolida tajribadan o‘tgan. Bugungi kunda ichki ariqlarni betonlashtirish dolzarb vazifa sanalmoqda.

Joriy yilning suv xo‘jaligida “kanallarni betonlashtirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilinishi, suv sarfini kamaytirishga xizmat qiladi, albatta. Bu borada, Toshkent viloyatida ichki ariqlarni betonlashtirishga ham jiddiy e’tibor qaratilgan.

Xususan, O‘rta Chirchiq tumani “Do‘stlik” hududidan oqib o‘tuvchi katta yo‘l yoqasidagi ichki ariq ancha yillardan beri ta’mirga muhtoj edi. Qariyb 200 gektar maydonda yetishtiriladigan g‘alla va paxta shu ariqdan suv ichadi. Shu kunlarda O‘rta Chirchiq “Suv yetkazib berish xizmati” DM ishchilari hamda fermerlar mazkur suv tarmog‘ini betonlashtirishga kirishdi. Suvchilar va dehqonlar mavjud ariqning lotok qismigacha betonlashtirishni maqsad qilgan. Shuningdek, “Turon” fermer xo‘jaligi hududidan oqib o‘tuvchi ichki ariq ham betonlashtirilmoqda.

– “Toshkent – Ohangaron” avtomobil yo‘li bo‘yidagi ushbu ariq fermer xo‘jaligi va mahalliy aholi uchun katta ahamiyatga ega, – deydi Chirchiq – Ohangaron ITHB boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alijon Zokirov. – Agar ariq to‘la betonlashtirilsa, suvning ma’lum miqdori tejab qolinadi. Bugun ariqning qariyb 200 metr qismi betonlashtirildi. Unda 100 nafar suvchi va fermer xo‘jaligi xodimlari faollik ko‘rsatmoqda. 

Hududlarda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda davlat tomonidan berilgan imtiyozlar, bajarilgan agrotexnik tadbirlar, sug‘orish me’yorini nazoratga olish tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan mo‘l hosil olinmoqda.

Masalan, Ohangaron tumanidagi “Ohangaron bog‘i jannat” fermer xo‘jaligi joriy yilda 10 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish asosida piyoz yetishtirdi. Natija, kutilgandan ham yaxshi bo‘ldi. Bu haqda suv tejovchi texnologiyalarga bag‘ishlangan amaliy seminarda ham ta’kidlandi. Unda soha mutaxassislari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirda suv tejovchi texnologiyalarning bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Hozirda tumandagi ekin maydonlarining salkam 1 ming 900 gektarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan bo‘lib, shundan, 800 gektari tomchilatib, 940 gektari yomg‘irlatib hamda 160 gektari diskret usulda sug‘orilmoqda. Amaliy seminarda “Ohangaron bog‘i jannat” fermer xo‘jaligi misolida suv tejovchi texnologiyalarning qulay imkoniyatlari hamda “Agrosubsidiya.uz” platformasining ishlash jarayonlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

A.Musayev, O‘zA.