Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvdan oqilona foydalanishda zamonaviy texnologiyalar
11:06 / 2022-02-14

Iqlim o‘zgarishi global muammoga aylangan hozirgi davrda, ayniqsa, suv resurslaridan tejamkorlik bilan samarali foydalanish kun tartibiga chiqdi.

O‘zbekiston ehtiyoji uchun zarur suv zaxiralarining asosiy qismi qo‘shni davlatlar hududida shakllanadi. Shu bois so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarida, xususan, O‘zbekistonda suv kam bo‘lgan yillar tez-tez takrorlanmoqda. Ayniqsa, bu yilgi qish mavsumida ham yog‘ingarchilikning kam bo‘layotgani suv tanqisligiga olib kelishi mumkin. Davlatimiz va hukumatimiz tomonidan suv tanqisligini yumshatish, suv resurslaridan samarali foydalanish va sohani takomillashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 
Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” da amalga oshirishga oid Davlat dasturida suv masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Taraqqiyot strategiyasida suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish ko‘zda tutilgan.  Buning uchun suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish hisobiga suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. 2022 yilda suv tejovchi texnologiyalarni 260 ming gektarda joriy etish hisobiga 534 million kub metr suvni iqtisod qilishga erishiladi.

Suvni tejashda irrigatsiya tarmoqlarining holati, ya’ni sozligi muhim o‘rin egallaydi. So‘nggi yillarda irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Joriy yilda  427,1 kilometr kanal, 131,9 kilometr lotok, 13,2 kilometr quvur va 886 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Buning  hisobiga 335,1 ming gektar yerning suv ta’minoti, 125,4 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.  543 million kub metr suv iqtisod qilinadi. 6610 ta ob’ektga raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga 155 million kub metr suv iqtisod qilinadi.
Suv xo‘jaligi ob’ektlarida elektr energiyasi iste’molini kamaytirish asosiy vazifa sifatida qo‘yildi. Bu bejiz emas. Chunki barcha sohalar qatorida suv xo‘jaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ortiqcha va behuda xarajatlar iqtisodiy holatga salbiy ta’sir etishi barchaga ma’lum. Shunday kelib chiqib, Investitsiya loyihalari doirasida 27 ta nasos stansiyasini modernizatsiya, 263 kilometr kanal va 787 ta gidrotexnik inshootlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirildi. Tizimdagi nasos stansiyalarida xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan 181 ta nasos va 354 ta elektro dvigatel almashtiriladi.

Suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqmoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida nasos stansiyalari hamda irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish bo‘yicha  52 ta loyiha amalga oshiriladi. Bunda maqsad sarflanayotgan elektr energiyasi va ekspluatatsiya xarajatlarini 10-15 foizga kamaytirishdir. 

Shu bilan birga bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish  bo‘yicha viloyatlarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Uni tatbiq etgan fermerlar, klasterlarga susbsidiyalar berilyapti. Asosiysi, buning evaziga hosildorlik ham ortmoqda.
Respublikamizda yangi va foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini o‘zlashtirish orqali qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xajmini ko‘paytirish bo‘yicha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda 2022 yilda respublika va mahalliy byudjet hamda tashabbuskorlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari  natijasida 129 ming gektar yangi va foydalanishdan chiqqan yer maydonlari o‘zlashtiriladi va qo‘shimcha 1,5 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.

2022 yil mamlakatimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilindi. Aynan inson qadrini ulug‘lash tamoyili bugungi kunda suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar jarayonida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Endilikda suvchilar mukammal jihozlangan xizmat binolarida ishlab, aniqlik va tejamkorlik imkonini beruvchi ilg‘or asbob-uskunalardan foydalanmoqda. Suvchilarning yarim tunda qo‘lida jinchiroq ko‘tarib, paykallarga bir me’yorda suv chiqara olmay qiynalib yurishiga hojat qolmadi. Bu jarayonlar bosqichma-bosqich zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlashga o‘tkazilmoqda.            

Saidmurod Aminjonov, 
Suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligini
rivojlantirish 
va strategik tahlil boshqarmasi 
boshlig‘i
O‘zA