French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvdan oqilona foydalanish – hosildorlik garovi
15:22 / 2026-03-10

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali yer maydonlarini samarali sug‘orish, hosildorlikni oshirish hamda resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda yurtimizda fermer va dehqon xo‘jaliklarida zamonaviy sug‘orish tizimlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buxoro viloyati Shofirkon tumani Iskogare hududida joylashgan “Hamro Sardor Nodir” fermer xo‘jaligida ham suvni tejovchi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha izchil ishlar boshlab yuborildi. Mazkur fermer xo‘jaligida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida zamonaviy sug‘orish tizimlari o‘rnatilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, fermer xo‘jaligining 10 gektar maydonida g‘alla ekinlari yomg‘irlatib sug‘orish usulida, yana 10 gektar maydonida esa paxta ekinlari tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida yetishtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 5 yillik muddatga 500 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan.

Shuningdek, loyihani to‘liq ishga tushirish va sug‘orish agregatlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida fermer xo‘jaligida quvvati 100 kVA bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish ham rejalashtirilgan. Mazkur quyosh energetika tizimini joriy etish uchun qo‘shimcha ravishda 350 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa fermer xo‘jaligida elektr energiyasini tejash va sug‘orish tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Hamro Sardor Nodir” fermer xo‘jaligida jami 82 gektar yer maydoni mavjud. Shundan 35 gektar maydonga g‘alla, 47 gektar maydonga esa paxta ekinlari joylashtirilgan. Fermer xo‘jaligida zamonaviy sug‘orish texnologiyalarining joriy etilishi mazkur yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.

–Joriy etilayotgan yomg‘irlatib sug‘orish tizimi g‘alla ekinlarini parvarishlashda suvni ancha tejash imkoniyatini yaratadi, –deydi fermer xo‘jaligi rahbari Ravshan Mirzoyev. –Bu usulda suv maydon bo‘ylab bir tekis taqsimlanadi, tuproq namligi bir xil saqlanadi hamda suv sarfi 30-40 foizgacha kamayadi. Natijada ekinlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratilib, hosildorlikni oshirishga erishiladi.

Tomchilatib sug‘orish tizimi esa paxta yetishtirishda eng samarali va tejamkor usullardan biri hisoblanadi. Bu texnologiya orqali suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiz qismiga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 40-50 foizgacha tejaladi, mineral o‘g‘itlar ham aniq miqdorda beriladi, begona o‘tlar kamroq o‘sadi va ekinlarning o‘sish jarayoni yanada yaxshilanadi. Bu esa, o‘z navbatida paxta hosildorligining sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligida bunday innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri