Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvdan oqilona foydalanish har birimizning burchimizdir
16:41 / 2023-09-20

So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan har sohada suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyatida suvni tejash maqsadida bugungi kungacha 2494 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Bugunga qadar 1656 gektar maydonda qurilish ishlari to‘liq yakunlandi.

– Yil sayin suvga bo‘lgan ehtiyoj ortgani tufayli uni tejash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yangilik emas. Suvni tejovchi texnologiyalarning keng qo‘llanilishi esa, kelajakda qurg‘oqchilikning oldini olishga xizmat qiladi, – deydi Quyi Sirdaryo ITHB Suvdan foydalanish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Soliboyev. – Bu tizimning davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanishi ham bejiz emas. Dalasiga suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatgan fermerlarga har bir gektar maydon uchun ma’lum miqdorda subsidiyalar, imtiyozli kreditlar berilmoqda.

Bugungi kunda viloyatdagi bog‘ va tokzorlarga tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish bo‘yicha 528 gektar maydonda qurilish ishlari boshlanib, 493 gektarda nihoyasiga yetkazildi. Yangi sug‘orish texnologiyasini 1500 gektar maydonda joriy etish rejalashtirilgan.

Joriy yilda reja qilingan 30 ming gektar yerlarni lazerli tekislash ishlari 14 ming gektar maydonda amalga oshirildi.

Jumladan, Oqoltin tumanida 37 ming gektar sug‘oriladigan yerlar mavjud bo‘lib, ushbu maydonlarda klasterlar  faoliyat olib boradi. Tumanda suvni iqtisod qilish uchun 527 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish ishlari boshlangan va 12 nafar fermer dalasining 280 gektar maydonida ushbu tizim joriy qilindi. Mavjud 533 kilometr sug‘orish tarmog‘ining beton qoplamasi 225 kilometr, lotoklar 245 kilometr, yer ariqlar 64 kilometrni tashkil qiladi. Ushbu 64 kilometr yer ariqlarini ham bosqichma bosqich beton ariqqa almashtirish ishlari davom etmoqda.

Hozir “Suvomborqurilish” bosh pudratchi tomonidan fermerlar dalasidan o‘tgan xo‘jaliklararo ariqlarning 20 kilometrdan oshiqroq qismini betonlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

– Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyiha 2022 yilda boshlangan. Loyiha 2024 yil yakuniga yetadi, – deydi boshqarma boshlig‘i Shavkat Isroilov. – “Buning uchun davlat byudjetidan 12,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha yakuniga yetgach, 1260 gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanib, suv sarfini ikki barobarga iqtisod qilish imkoniga ega bo‘linadi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri