Sirdaryo viloyatida O‘zLiDeP viloyat Kengashi tashabbusi bilan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoatchilik va mutaxassislar ishtirokida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova ham ishtirok etdi.
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari Havza boshqarmasi rahbari Nurkamol Ataqulov 2025 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Ta’kidlanishicha, mazkur davrda 76,7 kilometr irrigatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilingani natijasida 9,8 ming gektar yerda suv ta’minoti yaxshilandi. Shu bilan birga, 1500 kilometr ichki ariq betonlashtirilib, suvdan foydalanish samaradorligi 18 foizga oshgan.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida 28,1 ming gektar maydonda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, lazerli tekislash, egatlarga plyonka yoyish kabi zamonaviy agrotexnik usullar joriy etilgan. Natijada suv sarfi sezilarli darajada kamaytirilgan.
Shuningdek, “Aqlli suv” qurilmalari, raqamli monitoring tizimlari hamda “Suv hisobi” axborot platformasi orqali suv hisobini yuritish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilayotgani ma’lum qilindi.

Jamoatchilik eshituvida so‘zga chiqqan deputat Gavhar Olimova hududda amalga oshirilayotgan irrigatsiya islohotlarini yuqori baholab, ularning suv tejash, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish hamda fermerlar yukini yengillashtirishdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.
– Prezidentimiz tomonidan suv resurslarini tejash, suvdan oqilona va adolatli foydalanishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari hududlarda amaliyotga joriy etilayotgani muhim natijadir, – dedi Gavhar Olimova.

– Bu borada Sirdaryoda amalga oshirilayotgan ishlar yanada jadallashtirilishi, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va undan samarali foydalanish masalasiga jiddiy ahamiyat qaratish lozim. Chunki Sirdaryo viloyatidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosining suvi tuganmas manba emas. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv zaxirasiga tahdid tobora kuchaymoqda. Kelgusida bu global muammolarni keltirib chiqarish ehtimoli bor. Demak, muammoga u yuzaga kelganidan so‘ng emas, aynan bugundan boshlab tayyorgarlik ko‘rishimiz zarur deb hisoblayman.

Tadbirda Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi mas’ullari ham ishtirok etib, soliq tushumlarini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, raqamli soliq xizmatlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.
Jamoatchilik eshituvi yakunida ishtirokchilar tomonidan dolzarb masalalar bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri