O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 19 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, suv va suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish, suv isrofgarchiligining oldini olish maqsadida monitoring tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Monitoring tadbirlari davomida suv iste’molchilari tomonidan suvni isrof qilish, oqilona foydalanmaslik holatlari aniqlanib, belgilangan tartibda ma’muriy va iqtisodiy sudlarga davo arizalari kiritilib, yetkazilgan zarar belgilangan tartibda, inspeksiya foydasiga undirilib, suv iste’moli yuzasidan belgilangan qonun qoidalarni qasddan buzgan fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga ogohlantirish xatlari berilyapti.
– O‘tgan 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda Sirdaryoda monitoring o‘tkazgandik, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi bosh inspektori Bahodir Mamirov. – Monitoring jarayonida, Guliston tumanidagi “O. N. D.O.” fermer xo‘jaligi suv resurslaridan oqilona, samarali foydalanmay, hech qanday shartnomasiz, tuman hududidagi 53,1 gektar yer maydoniga sholi ekib, o‘sha joydagi zovurdan suv nasosi orqali suv tortayotgani aniqlangan.
Sud tomonidan ushbu xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rahbariga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksi 74-moddasi ikkinchi qismiga asosan, ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, huquqbuzarlik sodir etgan, deb topilgan. U 141,4 ming kubometr suvdan foydalanganligi va isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘yganligi uchun fermer xo‘jaligiga nisbatan 10 392 900 so‘m miqdorida moliyaviy jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.
– Fermer xo‘jaligi tomonidan moliyaviy jarima ixtiyoriy to‘lab berilmaganligi sababli inspeksiyaning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilindi, – deydi boshqarma katta inspektori Jamol Bekmurodov. – Natijada, sudning 2022 yil 17 fevraldagi hal qiluv qaroriga asosan, undan inspeksiya foydasiga belgilangan jarima undiriladigan bo‘ldi.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlariga ko‘ra, suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki — umummilliy boyligi hisoblanadi, suvdan oqilona foydalanish lozim bo‘lib, u davlat tomonidan himoyalanadi. Isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘yganlik uchun esa javobgarlik muqarrardir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA