Dunyoning barcha mintaqalarida iqlim o‘zgarishi suvdan oqilona foydalanishni taqazo etmoqda.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Markaziy Osiyoda esa suv manbalarining kamayib borish tendensiyasi ro‘y berish ehtimoli mavjud.
Taxminlarga qaraganda o‘rtacha yillik harorat 2 darajaga ko‘tarilgan taqdirda muzliklar o‘z hajmining 50 foizini yo‘qotishi mumkin. Harorat 4 darajaga ko‘tarilsa bu hajm 78 foizgacha yetadi. Ana shunday suv taqchilligi yuzaga kelayotgan bir paytda undan oqilona foydalanish o‘rniga suvni isrof qilish holatlari ko‘paymoqda.
Yildan yilga qishloq xo‘jaligida sug‘orish uchun mo‘ljallangan suvning yetishmasligi doimiy uchrab turadigan muammolardan biriga aylanmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyati Konimex tuman bo‘limi xodimlari tomonidan avgust oyi va sentyabrning o‘n besh kunligida olib borilgan nazorat tadbirlarida hududda suvdan foydalanishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Jumladan, “Ikrom Zohid” fermer xo‘jaligi tomonidan xo‘jalikning ekin yer maydonini sug‘orish uchun suv oluvchi joylarda suvni roslaydigan hisob-kitobini yuritishga mo‘ljallangan gidropostlar o‘rnatilmagan. Mazkur holat yuzasidan MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishliligi bo‘yicha tuman sudiga yuborildi.
– Tuman suv iste’molchilari uyushmasining “Sho‘rtepa” arig‘ida mirob lavozimida ishlovchi A.A. 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumi uchun suv iste’moli rejalarini tuzmasdan hamda tasdiqlanmagan holda tumandagi suv iste’molchilariga suv berganligi hamda suvni roslaydigan uskunani o‘zboshimchalik bilan ochib yopishi natijasida sug‘orish grafiklari buzilishiga sababchi bo‘lganligi aniqlandi, – deydi Inspeksiya viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva, – Shuningdek, tuman irrigatsiya bo‘limiga qarashli “Chordara-2” arig‘ida muhandis-gidrotexnik N.N. esa suvdan foydalanish jarayonida suv sarfini har o‘n kunda o‘lchab borishi belgilangan bo‘lsada, amalda buni bajarmagan. Shu bilan birga, “Chordara-2” suv arig‘idagi suvni 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumi uchun suv iste’moli rejasi tuzilmasdan suv iste’molchilariga yetkazib bergan.
Yuqoridagi aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima choralari qo‘llanildi.
– Joriy yilning avgust oyi va sentyabr oyining 15 kunligida o‘tkazilgan 7 ta nazorat tadbirlarida 7 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Konimex tuman bo‘limi katta inspektori Ulug‘bek Toshtemirov. – Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 2 ta ma’muriy jarima qo‘llanildi, 1 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudlarga va prokuratura organlariga yuborildi. O‘z navbatida tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan omillarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida 2 ta yozma ko‘rsatma va 1 ta taqdimnoma kiritildi. Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 13 ta suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.
bugungi kunda inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan barcha hududlarda suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi borasidagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA