Suv – aziz ne’mat, tiriklik manbai. Xalqimiz bejiz uni obihayotga mengzamaydi.
Global iqlim o‘zgarishlari va boshqa ta’sirlar tufayli suv taqchilligi tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda iste’molchilarni suv bilan ta’minlash, mavjud suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanishni tashkil etishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarining va atrof-muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasining va sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilash, suvga doir munosabatlar sohasida bozor iqtisodiyoti mexanizmlari, jumladan, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish kabi qator dolzarb masalalar qamrab olingan “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 31 yanvarda qabul qilingan. Senat tomonidan 2025 yil 17 martda ma’qullangan. 6 ta bo‘lim, 29 bob, 165 moddadan iborat kodeks joriy yilning 31 oktyabridan kuchga kiradi.
Shu tariqa mamlakatimizda suv va suvdan foydalanish sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar – “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta farmoni va 14 ta qarori hamda Hukumatning 26 ta qaroridagi normalar yagona tizimga birlashtirildi. Unda belgilab berilgan normalar suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyatini yanada oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibini soddalashtirshga xizmat qiladi.
Kodeksni ishlab chiqishda Avstraliya, Vetnam, Germaniya, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarda suv munosabatlarini huquqiy tartibga solish tajribalari chuqur o‘rganildi.
Yangi hujjat mavjud suv resurslari, suv xo‘jaligi ob’ektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Kodeksda suvdan foydalanish umumiy va maxsus foydalanishga bo‘linishi belgilab qo‘yildi. Suv ob’ektlarining toifalariga O‘zbekistonning yer usti va yer osti suv ob’ektlari, yurtimizda joylashgan va uning hududini kesib o‘tadigan transchegaraviy yer usti va yer osti suv ob’ektlari kiradi.
Suv umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Kodeksda suv resurslarini boshqarishda maxsus vakolatli organlar belgilab berildi. Yer usti suvlarini boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan organlari, yer osti suvlarini boshqarish bo‘yicha esa O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi vakolatli organ hisoblanadi.
Suv resurslarini boshqarishda shaffoflikni ta’minlash, tegishli qarorlar qabul qilish maqsadida respublika va havzalar, zarur hollarda hududlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklidagi suv kengashlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Suv ob’ektlari va suv xo‘jaligi ob’ektlari doimiy yoki vaqtincha foydalanishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarga asosan foydalanishga beriladi.
Suv ob’ektidan vaqtincha foydalanish muddati 3 yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak.
Suvdan umumiy foydalanishga ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olish, cho‘milish, chorva mollarini sug‘orish, sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash kiradi.
Suvdan umumiy foydalanish Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsatsiz va cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Endilikda suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartib-taomillari soddalashtirilmoqda. Sun’iy suv havzalaridan sutkasiga 5 kub metrdan ko‘p bo‘lmagan suv olish uchun ruxsatnoma olish zarurati chiqarib tashlanmoqda. Shuningdek, oqova va kollektor-drenaj suvlarini suv ob’ektlariga hamda joy relefiga oqizish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Kodeksning 60-moddasi Suv servitutiga bag‘ishlangan. Bu tushuncha suv ob’ektidan yoki uning bir qismidan, shu jumladan suvni muhofaza qilish zonalaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqini anglatadi.
Suv servituti quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin. Suvdan umumiy foydalanish, fuqarolar va transport vositalarining o‘tishi, hayvonlarni sug‘orish va chorva mollarini haydab o‘tish, sohil bo‘yi zonalaridan erkin foydalanish va undan o‘tishni ta’minlash va h.k.
Suv servituti ommaviy va xususiy suv servituti shaklida bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, kodeksda suv to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligi masalalari ham o‘z aksini topgan. Baliq xo‘jaligi, sanoat, energetika va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olish tartibi yuridik shaxslar tomonidan buzilganda, ularga nisbatan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi. Jumladan, suvdan foydalanishda belgilangan limitdan ortiqcha foydalanilgan har ming kub metr suv uchun birinchi marta BHMning 20 foizi miqdorida jarima solinadi.
Suv olish tartibining buzilishi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida takroran sodir etilganda, ushbu moliyaviy sanksiyalar 5 baravar miqdorda qo‘llaniladi.
Muxtasar aytganda, qabul qilingan ushbu Kodeks suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishning mustahkam huquqiy bazasini shakllantirishga xizmat qiladi. Davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari bilan bog‘liq masalalar bartaraf etilib, suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilarning mas’uliyati oshiriladi.
Rashid Tashev,
Suv xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi