O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibini (qoidalarini) buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Ma’muriy jarima bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazo chorasi qo‘llangan hollarda, Vazirlar Maxkamasining “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018 yil 8 yanvardagi 15-son qaroriga muvofiq rag‘batlantiriladi.
Qarorga bilan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining xodimlariga xizmat majburiyatlarini bajarishda idoraviy formali kiyim-boshlar kiyib yurishiga va tegishli farqlash belgilarini taqishiga ruxsat etiladi.
Inspeksiya xodimlari idoraviy formali kiyim-boshlar va farqlash belgilari bilan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.
Inspeksiya:
idoraviy formali kiyim-boshlarni tikish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari o‘tkazilishini;
2025 yil yakuniga qadar Inspeksiya xodimlarining idoraviy formali kiyim-boshlari tayyorlanishini va ularga to‘liq o‘tilishini ta’minlaydi.
Mazkur qaror bilan:
Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan suv xo‘jaligi sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqidagi nizom;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarining idoraviy formali kiyim-boshlari hamda farqlash belgilari namunalari va tavsifi tasdiqlandi.
O‘zA