Bu haqda Qashqadaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tildi.
Yoz mavsumida suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida viloyat hududida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, viloyat hududidan oqib o‘tuvchi daryo, kanal va anhorlarda cho‘milish mavsumi davomida nazorat va kuzatuv targ‘ibot postlari tashkil etiladigan 36 ta xavfli hudud ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu postlarda shahar va tuman hokimliklari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, “O‘zbekiston” yoshlar ittifoqi, “Amu-Qashqadaryo” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi, hududiy IIO va FV xodimlaridan iborat navbatchilik tashkil etilgan.
Shuningdek, cho‘kish holatlari qayd etilgan va aholi tomonidan cho‘milish odatiy holatga aylangan joylarda 514 ta “Cho‘milish qat’iy taqiqlanadi!” belgilari o‘rnatildi.
Aholi ko‘p to‘planadigan dam olish hududlarida, mahalliy tadbirkorlar va profilaktika inspektorlari hamkorligida yuzdan ortiq tushuntirish va profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlarga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududgaz” va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi vakillari jalb etilgan. Ularning ishtirokida xonadonlarda tekshiruvlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan.
Yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlar o‘rganilib, belgilangan choralar ko‘rilgan. 34 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jami 12 million 750 ming so‘mlik jarima qo‘llanilgan.
2024 yilda Qamashi tumanida ro‘y bergan fojiali holat – sun’iy suv havzasiga tushib ketgan ikki nafar voyaga yetmagan bolaning halok bo‘lishi, mazkur masalaga jiddiy yondashish zarurligini yana bir bor tasdiqladi.
Ayni paytda ruxsat etilmagan joylarda aholining cho‘milishini cheklash, yoshlar va bolalarni ogohlantirish, ota-onalarning mas’uliyatini oshirish borasida tizimli profilaktika ishlari davom ettirilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri