Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi rukn: Matbuot kotibi minbari
18:10 / 2020-06-24

SUVCHILIK – SAVOB ISH ular faoliyatini yoritish esa iftixordir

906faed2-4eab-4ba0-a605-4615c641b3a0.jpgShuhrat Suyunov – Suv xoʻjaligi vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi. 
Shuhrat Suyunov 1976-yili Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida tugʻilgan. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tugatgan.
“Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori.

SUVCHILIK – SAVOB ISH
ular faoliyatini yoritish esa iftixordir

Bu yil sinovlar yili boʻldi. Jahon miqyosida mislsiz talafotlarga olib kelgan, manaman degan davlatlarni ham shoshirib qoʻygan pandemiya, qanchalik ehtiyot choralari koʻrilmasin, Oʻzbekistonga ham chang soldi. Buxorodagi kuchli shamol, Sardoba suv omboridagi talafot oqibatlari mehnatkash xalqimiz sabrini, bardoshini qayta-qayta sinovdan oʻtkazdi.


Boz ustiga bu yil oldingi yillarga nisbatan suv tanqis boʻldi. Obi hayotning har bir tomchisini tejab-tergab ishlatish, suvdan maqsadsiz foydalanishning oldini olish, suv isteʼmoli madaniyatini oshirish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish koʻlamini kengaytirish suv xoʻjaligi tizimi xodimlari oldidagi eng dolzarb va asosiy vazifadir.

Vazirlik matbuot xizmati mana shu jarayonlarda “qaynayotgan”, qishloq xoʻjalik ekinlari va aholi tomorqasiga suv yetkazib berayotgan suvchi va miroblarning zaxmatli mehnatlarini vazirlik rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, umuman, ommaviy axborot vositalari orqali baholi qudrat yoritib kelmoqda.

Matbuot xizmati xodimi bilan muxbirning, xususan, jurnalistning katta farqi bor. Muxbir bir mavzuni yoritish uchun «birrovga bosh suqadi», juda nari borsa oʻziga kerakli materialni toʻplab boʻlgunicha bir kun, ikki kun, toqati yetsa oʻn kuncha “mehmon” boʻladi. Albatta, “mehmon”ga dardingizni dasturxon qilmaysiz. Toʻgʻri, biron sohani yoritishga ixtisoslashgan, uning baland-pastini ayrim mutaxassislardan chuqur biladigan jurnalistlar ham bor. Masalaning yana bir tomoni shundaki, koʻpchilik soha vakillari, odatda, jurnalistlarga yaxshi xislatlarini oshirib, tashvishlarini yashirib koʻrsatishga harakat qiladi. Jamiyat koʻzgusi boʻlgan ommaviy axborot vositalarida oʻzini chiroyliroq koʻrsatish, oʻzgalar havasini keltirishning aslida ham hech qanday aybi yoʻq, menimcha.

Matbuot xizmati xodimi sifatida sohaning ichiga kirgandan keyin uning dardi, tashvishlari bilan birga yashaysiz. Endi siz mehmon emas, mezbonsiz. Ramziy maʼnoda aytganda, ular toʻq boʻlsa toʻq, och boʻlsa och, tashvish cheksa sheriksiz.

“Sardoba” suv omboridagi talafot tufayli kanal va suv inshootlariga yetgan zararni bartaraf etish, taʼmirlash-tiklash ishlarini olib borish uchun respublikamizdagi suv xoʻjaligi tashkilotlaridan 420 dan ziyod texnika, shuningdek, 900 dan ortiq malakali quruvchi-mutaxassis jalb qilindi. Ular uchun chodirlar qurilib, yotoq joy, uch mahal issiq ovqat va boshqa zarur sharoitlar yaratildi. Oqoltin tumani Uchtom gidrouzeli binosida Suv xoʻjaligi vazirligi shtabi tuzilib, ish kechayu kunduz yoʻlga qoʻyildi.

Ana shu kunlari vazirlik matbuot xizmati xodimlari ham oʻz faoliyatini Sardobaga koʻchirdi. Chodirda yashab, suvchilar, quruvchilar bilan bir dasturxondan non yeb, ularning mashaqqatli mehnatlarini yoritib bordi. May oyidagi yomgʻirli kunlarda tizzagacha botgan tuproq-loyni pisand qilmasdan kanallarni tiklayotgan texnikalar, tungi soat bir-ikkida beton olayotgan quruvchilarning ish jarayoni – hamma-hammasi biz olgan foto va videotasvirlarda saqlanib turibdi.

Oʻziga yarasha qiyinchiliklar ham boʻldi, lekin hech kim ish joyini tashlab ketmadi. Bahor mavsumi, ekin ekish davri oʻtib ketmasidan tezroq suv yetkazib berish, xalqimiz oziq-ovqat dasturxoniga hissa qoʻshishdek savobli ishga bel bogʻlagan suvchilarni yagona maqsad birlashtirdi. Vaʼda qilingan sanada suv ochildi. Ana oʻsha jarayonlarda “Markaziy tarmoq”, “Oʻng tarmoq”, “Chap tarmoq” kanallariga suv kelishi haqidagi reportajlar, ekskavatorchilar, betonchilarga bagʻishlangan turkum lavhalar yaratildi.

Albatta, sohaning boshqa yoʻnalish va tarmoqlarida ham ulkan oʻzgarishlar boʻlayapti. Birgina suv tejovchi texnologiyalar haqida toʻxtaladigan boʻlsak, respublikamizda hozirgi kunga qadar 130 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan boʻlib, shundan tomchilatib sugʻorish 77 ming 400 gektarni tashkil etadi. Bu yil 43 ming 825 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Shundan 38 ming 745 gektarini tomchilatib sugʻorish, 1 ming 520 gektarini yomgʻirlatib sugʻorish va 3 ming 560 gektarini diskret (pulsar) sugʻorish tizimi tashkil etadi.

Shu kabi tizimda amalga oshirilayotgan ishlarni yoritishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va viloyatlardagi irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari matbuot xizmatlarining hissasi katta boʻlayotganini eʼtirof etish joiz.

Dono xalqimiz bir piyola suv keltirganni “Umring suvday serob boʻlsin” deb duo qiladi. Agar suvchilar yuz minglab gektar maydonlarga yetkazib berayotgan suvni piyola emas, chelaklab oʻlchaganda ham sanoqda milliardu trillionlar kamlik qilib qoladi. Shuning uchun ham, ular kasbidan gʻururlanadi, elning duosi bilan doimo qaddini baland koʻtarib yuradi.

Biz ham ana shu sohaning vakiliga aylanganimiz bilan, ular bilan har bir kunni birga yashab, faoliyatini baholi qudrat yoritib kelayotganimiz bilan faxrlanamiz.

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan barcha hamkasblarni, fidoyi jurnalist va muxbirlarni, matbuot xizmatlari ishini yuzaga chiqarib, ular uchun doimo minbar yaratib berishdan aslo ogʻrinmaydigan, aksincha, chin dildan qoʻllab-quvvatlaydigan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlarini tabriklaymiz. Ularning faoliyatiga faqat omad tilaymiz.

Shuhrat SUYUNOV,
Suv xoʻjaligi vazirining axborot siyosati
masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi.


PS.: Ezgu tashabbus qanot yozadi, deyishadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida tashkil etilgan navbatdagi yangi rukn ham davlat va jamoat tashkilotlari matbuot kotiblari maqolalari, ular koʻtargan masalalar misolida birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz debochasi boʻlishiga umid qilamiz.

Biz davlat va jamoat tashkilotlari matbuot kotiblaridan bu loyihada faol ishtirok etishini, eʼlon qilingan maqolalarga esa fikr-mulohazalarni kutib qolamiz.

Murojaat uchun: elektron manzilimiz: 
uzauz@yandex.ru 
Telefon: 71 233-79-74, 93 501-23-14