Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Suvchilar maktabi”ning ikkinchi bosqichi saboqlari boshlandi
17:06 / 2024-02-05

2023 yilning 18 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan suv xo‘jaligida va farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda “Agrobank” huzurida suv tejamkorligi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Topshiriq ijrosi doirasida Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti hamda “Agrobank” hamkorligida “Suvchilar maktabi” tashkil etildi. 

Maktabni tashkil etishda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlarining tajribalari o‘rganildi hamda ushbu davlatlardan xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. 

O‘qitishning birinchi bosqichi tinglovchilarning suvdan foydalanish madaniyatini oshirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq malakasini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda yanada takomillashtirgan holda nazariy hamda amaliy bilimlar berib boriladi. 

Shu munosabat bilan “Agrobank” tomonidan respublikaning 13 ta hududida zamonaviy o‘quv xonalari hamda ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan tajriba maydonlari tashkil etildi. 

[gallery-15792]

Navoiy viloyatida ham mazkur xayrli tashabbus doirasida bir qator amaliy ishlar olib borildi. 

Jumladan, Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi binosining birinchi qavatida “Agrobank” Navoiy viloyati boshqarmasi moliyaviy ko‘magida viloyat “Suvchilar maktabi” tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshladi.

Mazkur binoda konferensiya zali, sug‘orish texnologiyalari ko‘rgazmalari xonasi, o‘quv xonasi va boshqa bir qator yo‘nalishga aloqador burchaklar tashkil etilgan. 

– Joriy yilgi mavsumda “Suvchilar maktabi”da viloyatimizdagi 385 nafar fermer va klaster xo‘jaligi rahbarlari, xodimlarini o‘qitishni rejalashtirganmiz, – deydi “Suvchilar maktabi” MCHJ Navoiy viloyati hududiy menejeri Xo‘jayor Murtazoyev. – Har bir guruh o‘quv kurslarda 5 kun davomida o‘qitiladi. Bunda 3 kun nazariy 2 kun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shuningdek, maktabda “Loyihachi” hamda “Tashkilotchi” o‘quv kurslari ham tashkil etilmoqda. O‘qish yakuni bo‘yicha tinglovchilarga sertifikat topshiriladi. Ular o‘quv jarayonida suvni tejashga joriy qilinayotgan texnologiyalar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini oshiradi. O‘quv dasturlari ishlab chiqish va dars berish jarayonlariga malakali professor -o‘qituvchilar jalb qilingan. 

O‘quv kurslarining ikkinchi bosqichida fermer xo‘jaliklari rahbarlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. 

O‘quv kurslari bilan bog‘liq xarajatlar “Agrobank” tomonidan moliyalashtirilmoqda. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari