Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Suvchilar maktabi” a’zolari uchun o‘quv seminari
16:08 / 2023-07-28

Navoiy viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, “Agrobank” ATB hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti olimlari bilan birgalikda “Suvchilar maktabi” tashkil qilinib, ushbu maktab a’zolari uchun turli seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

Hududlarda tashkil etilgan o‘quv seminarlarida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti o‘qituvchisi Zayniddin Qodirov, Turkiya davlatidan tashrif buyurgan mutaxassis Murat Tekiner, Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Sherali Imomaliyevlar tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ulardan oqilona foydalanish borasida tushunchalar berdi.  

Ta’kidlanganidek, “Suvchilar maktabi”ni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir sektor rahbari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga o‘z yo‘nalishlarida qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar, rivojlangan mamlakatlar amaliyotida joriy etilgan yangi bilim va ko‘nikmalarni egallagan holda faoliyatni takomillashtirib, suvdan samarali foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishishni ta’minlashdir. Joriy yilning 18 aprel kuni Davlatimiz rahbari tomonidan suv xo‘jaligida va farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur sohalarni yanada isloh qilish bo‘yicha bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi.  

– Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan so‘nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganligi ta’kidlangan edi, – deydi “Agrobank” ATB Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uchqun Elmuratov. – Bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan bo‘lib, bunday texnologiyalarni yanada rag‘batlantirish maqsadida joriy yil 1 aprelda imzolangan qarorga muvofiq, donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 million so‘mdan 8 million so‘mga oshirildi.  

Shuningdek, yig‘ilishda bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17 foiz etib belgilangani, bu imkoniyatlarni mirishkorlarga yetkazib, moliyaviy rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. “Agrobank” huzurida esa suv tejamkorligi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.  

Tashkil etilgan o‘quv seminarlarida Karmana, Navbahor, Konimex, Qiziltepa, Nurota hamda Xatirchi tumanlarida jami 1500 nafardan ortiq fermer hamda suv xo‘jaligi sohasi vakillari, bank xodimlari ishtirok etdi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA