Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suvaysh kanalining yopilib qolishi neft narxini qimmatlashtirib yubordi
14:45 / 2021-03-25

Al Arabiya telekanalining 24 mart kuni tarqatgan xabariga ko‘ra, Suvaysh kanalida yuk tashuvchi kema oqimga ko‘ndalang turib qolishi oqibatida boshqa kemalarning qatnovini to‘xtatib qo‘ygan. Mazkur hodisa neft narxining 5 foizga qimmatlashuviga sabab bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Qatnov yo‘lining to‘silib qolgani oqibatida 15 million tonna neft ortgan 10 ta tanker harakat qilmay joyida turib qolgan.

Qizil dengiz va O‘rtayer dengizini bog‘lovchi suv yo‘li harakatining boshqaruv ma’muriyati bayonot berishicha, ayni paytda kanalning 151 kilometrida tiqilib qolgan Ever Given kompaniyasiga qarashli yuk kemasini joyidan siljitishga urinishlar davom etmoqda.

Xabarda aytilishicha, kanalga janub tomondan kirish joyining o‘zida kecha oqshomga borib 15 ta kema to‘planib qolgan. Ayni paytda kanaldan o‘tish uchun navbatda turgan kemalar qariyb Hindistongacha cho‘zilib ketgani aytilmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, o‘tgan seshanba kuni ertalab Panama bayrog‘i ostida suzayotgan dunyodagi eng yirik yuk kemalardan biri kuchli qum bo‘roni sharoitida sayozlikka o‘tirib qolgan. Shamol kemaning tumshug‘ini kanalning bir qirg‘og‘iga, dumini boshqa qirg‘oqqa burib yuborgan. Natijada suv sig‘imi 220 ming tonnalik, uzunligi 400 metr keladigan kema kanaldagi suv yo‘lini butunlay to‘sib qo‘ygan.