Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv yo‘qotilishini qisqartirishda innovatsion yondashuv
12:22 / 2026-01-10

Boyovut tumanidagi Boyovut-1 hududida joylashgan “O‘ng tarmoq 1” kanalida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan amaliy seminarda suv resurslaridan samarali foydalanish va irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Muxtorov, Suv xo‘jaligi vazirligining yetakchi mutaxassisi Diyorbek Abdullayev hamda Sirdaryo “Suvqurilish-invest” davlat muassasasi direktori Adham Eshtemirov ishtirok etdi.

Seminarda eng asosiy e’tibor suv yo‘qotilishini kamaytirishda innovatsion yondashuvlarga qaratildi. Mutaxassislar kanal va ariqlarni betonlashtirish orqali suvning filtratsiya yo‘qotilishini sezilarli darajada kamaytirish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv sarfini optimallashtirish imkoniyatlari haqida tavsiyalar berdi. Shuningdek, zamonaviy nasos stansiyalari, avtomatlashtirilgan suv taqsimlash tizimlari hamda dronlar orqali monitoringning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

– Bilasizmi, suv resurslarini samarali boshqarishda innovatsion texnologiyalarning o‘rni nihoyatda katta, – dedi Suv xo‘jaligi vazirligining yetakchi mutaxassisi Diyorbek Abdullayev. – Zamonaviy usullar suv yo‘qotilishini sezilarli darajada kamaytiradi, kanallar samaradorligini oshiradi va fermer hamda dehqon xo‘jaliklarini barqaror suv bilan ta’minlab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini ko‘paytirishga yordam beradi. Shuningdek, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari va dronlar orqali nazorat suv resurslarini tejamkorlik bilan taqsimlashda muhim strategik vosita hisoblanadi.

Joriy yilda viloyatda davlat byudjeti hisobidan 6 ta ob’ekt uchun 59 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, jami 60,4 kilometr kanalning betonlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar suv yo‘qotilishini qisqartirish va qishloq xo‘jaligini barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilmiy tahlil va amaliy tajribalar ko‘rsatganidek, innovatsion usullar suv resurslarini samarali boshqarish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini barqaror suv bilan ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishda asosiy omil hisoblanadi. Bu nafaqat mahalliy, balki mintaqaviy ahamiyatga ega strategik vazifa sifatida baholanadi.

Eng asosiysi, seminar davomida mutaxassislar unda ishtirok etgan fermer, dehqon xo‘jalik va klaster rahbarlari hamda xodimlariga betonlashtirish ishlarini o‘z vaqtida tez va sifatli yakunlash, suvni tejash va undan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiya, maslahat va topshiriqlar berishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA