English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv yo‘llari tozalanib, mavsumga tayyorgarlik kuchaytirildimi?
11:12 / 2026-02-12

Jizzax viloyati hududlarida sug‘orish tizimini mustahkamlash va dehqonchilik mavsumini uzluksiz boshlash maqsadida keng ko‘lamli tozalash ishlari olib borilmoqda. Paxtakor, Baxmal, Do‘stlik va Sharof Rashidov tumanlaridagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan ichki sug‘orish va lotok tarmoqlari loyqa hamda turli chiqindilardan bosqichma-bosqich tozalanyapti.

Paxtakor tumanidagi Akmal Ikromov fermer xo‘jaliklari hududida joylashgan lotok tarmoqlari qo‘l kuchi bilan tozalandi. Bu orqali suv o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirilib, sug‘orish jarayonidagi ehtimoliy uzilishlarning oldi olinmoqda. Natijada ekin maydonlariga suv yetkazib berish samaradorligi yanada yaxshilanadi.

Baxmal tumanidagi “Tongotar” kanalidan suv oluvchi ichki tarmoqlarda ham profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, sug‘orish mavsumi oldidan bunday ishlar suv resurslaridan oqilona foydalanish, ayniqsa, suv tanqisligi kuzatilishi mumkin bo‘lgan davrlarda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Do‘stlik tumanidagi Qosim Rahimov fermer xo‘jaliklari hududidagi ishlar reja-grafik asosida izchil tashkil etildi. Bu suv taqsimotining adolatli va uzluksiz bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Sharof Rashidov tumani “Yangi hayot” hududida esa ichki sug‘orish tarmoqlari qo‘l kuchi bilan bir qatorda maxsus mexanizmlar yordamida ham tozalanmoqda. Zamonaviy texnikalardan foydalanish ish samaradorligini oshirib, muddatlarni qisqartirish imkonini bermoqda.

E’tiborlisi, barcha ishlar texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda, mutaxassislar nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

Sug‘orish tizimini tartibga keltirish — bu faqat texnik jarayon emas, balki hosildorlik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omilidir. Hududlardagi tizimli va maqsadli ishlar yangi agrar mavsumni ishonch bilan qarshi olish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri