Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv yo‘llari ravon bo‘lsa...
10:45 / 2024-01-16

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida ekin yerlarni sug‘orish tizimi o‘ziga xos jihatlarga ega. Bunda suvni yetkazib kelish yo‘llari – ariq va kanallar sifati muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda tobora dolzarblashib borayotgan suv taqchilligi muammosini bartaraf qilishda esa nafaqat suv yo‘llari, balki suv tejovchi texnologiyalar va innovatsion qurilmalarni jadal joriy qilish talab etilmoqda.

Farg‘ona viloyatida suv resurslaridan samarali foydalanish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, tumanlar irrigatsiya bo‘limlari qoshida 17 ta suv xo‘jaligining maxsus xizmati tashkil etilgan. Shuningdek, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suvdan foydalanish va suv iste’moli hisobini yuritishda «Smart Water» («Aqlli suv»), suv sathini onlayn aniqlashga ko‘maklashuvchi “Dayver” qurilmalarini o‘rnatish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini avtomatlashtirish ishlari olib borilmoqda.  

– Suv o‘lchash inshootlarida suv sarfini onlayn tarzda kuzatish maqsadida o‘tgan 3 yil davomida 1 ming 571 ta “Aqlli suv” qurilmasi, meliorativ quduqlardagi suv sathini onlayn tarzda aniqlash uchun 373 ta “Dayver” qurilmasi, 168 ta nasos agregatida suv miqdorini onlayn hisoblash qurilmasi o‘rnatildi, – deydi “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Tursunov. – Joriy yilda klaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari ixtiyoridagi 1 ming 470 kilometrdan ortiq ichki ariqlarni betonlashtirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi. Bu bir mavsumning o‘zida 114 million metr kub miqdorida suvni tejash, ekinlarni sug‘orish bilan bog‘liq ish jarayonlarini tezlashtirishda yaxshi samara beradi. “Bir kanal bir tizim” tamoyili asosida yerdan foydalanuvchilarning to‘liq tomchilatib va yomg‘irlatib, shuningdek, diskret usulida sug‘orishga o‘tishi, bosqichma-bosqich ochiq suv kanallaridan voz kechish ishlari ham olib borilmoqda. Misol uchun, Qo‘shtepa tumani hududidagi “Global tekstil” paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan 326 gektar ekin yer maydonlari to‘liq bir yerdan turib boshqariladigan tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazildi.  

Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi tarmoqlari uchun kerakli bo‘lgan suv manbalari qo‘shni respublikalardan oqib keluvchi Norin, Isfayram, Shohimardon, So‘x va Isfara daryolariga bog‘liq. Asosiy ehtiyoj Norin daryosi, Katta Farg‘ona va Katta Andijon magistral kanallari orqali qondiriladi. Tog‘ muzliklarining yildan-yilga kamayib borishi esa kichik soylardagi suv zaxiralariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu suvning har tomchisidan samarali va maqsadli foydalanishni talab etadi. Viloyatda klasterlar va fermerlar hisobidagi 16 ming 195 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarining 14 ming 263 kilometr qismi (88%) tuproq o‘zandan iborat, asosiy suvning kanallarda yo‘qolishi shu hududlarda kuzatiladi.  

Ayni kunlarda barcha tumanlarda ichki ariqlarni betonlashtirish, tomchilatib sug‘orish uchun qurilmalarni o‘rnatish ishlari ketmoqda. Rishton tumanidagi “Qodir Sodiq” fermer xo‘jaligi tashabbusi bilan bir kilometrdan ortiq ichki ariqlar betonlashtirildi. Xo‘jalik yerlariga suv yetib kelguncha masofa 4 kilometrni tashkil qiladi. Bu ariqlarni begona o‘t bosib, suv oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, vaqti-vaqti bilan uni tozalash, kovlash ishlari ortiqcha vaqt va mehnat talab qilgan. Me’yoridan ortiq suv esa ariq qirg‘oqlarini buzib, suvning behuda oqib ketishiga sabab bo‘lgan. Endilikda esa suv sarfini aniqlash ham, suvning yerlar boshiga yetib kelish vaqti ham ijobiy tomonga o‘zgardi. Ilgari 1-1,5 soatda yetib keladigan suv 20 daqiqada yer boshiga olib kelinyapti. Oradagi suv yo‘qolish koeffitsiyenti ham sezilarli kamaydi.  

– Tumanimizdagi 24 ming 501 gektar yerni sug‘orish uchun uchta manbadan foydalanamiz. So‘x daryosidan 10 ming 800 gektar, Katta Farg‘ona kanali suvidan 9,5 ming gektar va Katta Andijon kanali suvidan 5 ming 200 gektar yer sug‘oriladi. Tejamkor texnologiyalarni joriy qilish, suv yo‘llarini betonlashtirish, umuman, suvni tejash bo‘yicha tizimli ish olib boryapmiz, – deydi Rishton tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Vositjon Karimov. – Joriy yilda 83,6 kilometr masofadagi ariqlarni betonlashtirish, barcha suv taqsimlash nuqtalariga bosqichma-bosqich zamonaviy suv o‘lchash qurilmalarini o‘rnatishni rejalashtirganmiz.

Viloyat bo‘yicha shu kunga qadar 120 ming gektar ekin maydonlarida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. Bu umumiy ekin maydonlarining 40 foizini tashkil etadi. Natijada birgina paxta maydonlariga sarflangan suv va boshqa resurslar miqdori 40-50 foiz tejaldi, hosildorlik 15-20 sentnergacha oshdi. Ishlab chiqarishda innovatsion loyihalarni qo‘llash, avvalo, suv tanqisligining oldini olsa, ikkinchidan, mineral o‘g‘it, mexanizatsiya xizmatlari, yoqilg‘i bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish imkoniyatini bermoqda.

–Prezidentimizning qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan vidoselektor yig‘ilishida aytgan fikr-mulohazalari bu yo‘nalishda biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shohruh Mirzayev. – Sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar suv resurslarini tejash, undan samarali foydalanish ko‘lamini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Bu borada Jahon banki hamkorligidagi “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish. 2-bosqich” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yirik gidrotexnik inshootlarning avtomatlashtirilishi natijasida masofadan turgan holda tezkor boshqarilishiga erishiladi hamda suvning texnik yo‘qotilishi 10 foizgacha kamaytiriladi.

 

Ma’sudjon Sulaymonov,  

O‘zA muxbiri