O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
suv yetkazib berish xizmatlarining maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari;
suv yetkazib berish xizmatlari faoliyatini tashkil etish, uning huquqlari va javobgarligi;
suv yetkazib berish xizmatlari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari va javobgarligi;
suv yetkazib berish xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq, quyi bo‘g‘indagi sug‘orish tarmoqlari va ulardagi inshootlar xatlovdan o‘tkaziladi.
Xatlovdan o‘tkazilgan sug‘orish tarmoqlari va ulardagi inshootlar egalari kesimida klassifikatsiya va identifikatsiya qilinadi.
Xatlov natijasiga ko‘ra egasizligi aniqlangan bitta suv iste’molchisiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki sug‘orish tarmog‘i, undagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa inshootlar, ulardan doimiy va maqsadli foydalanish hamda ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun tegishli suv iste’molchisiga to‘lovlarsiz beriladi.
Ikki va undan ortiq suv iste’molchilariga xizmat ko‘rsatuvchi ichki sug‘orish tarmog‘i, undagi bosh va ichki suv olish hamda boshqa inshootlar, ulardan doimiy va maqsadli foydalanish hamda ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun tegishli xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga to‘lovlarsiz beriladi.
Suv yetkazib berish xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tuman (Quvasoy shahar) irrigatsiya bo‘limlari va Suv xo‘jaligining maxsus xizmatlari negizida tegishli tuman (shahar)larda, shuningdek, boshqa tuman (shahar)larda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi buyrug‘i bilan tashkil etiladi.
O‘zA