Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv xo‘jaligining yetakchi ayollari taqdirlandi
23:26 / 2024-10-15

Suv xo‘jaligi vazirligida 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi. 3-bosqich» loyihasi bilan hamkorlikda 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari X.Quvondiqov so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi ayollarning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratib berish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

“Bugungi kunda vazirlik tizimida mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlarning qariyb 7 foizini, ya’ni 2200 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ulardan 30 nafari rahbarlik lavozimlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda suvchi ayollarni har tomonlama rag‘batlantirish, ularni rahbar lavozimlarga tavsiya etish, bitiruvchi talabalar orasidan qizlarga kengroq imkoniyatlar berish bo‘yicha yangi mexanizm shakllantirildi. Natijada xodimlar orasida ham, rahbarlar orasida ham xotin-qizlarning ulushi va mavqei tobora ortib borayapti”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tadbir doirasida vazirlik tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan, hududiy «Ayollar daftari» ro‘yxatida turadigan 2 nafar ayol xodimalarning sirtqi va kechki ta’lim bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz, suhbat natijalari asosida o‘qishga kirishi uchun vazirlik tavsiyanomalari hamda homiy tashkilotning moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, 5 yillik to‘lov kontrakt summasini qoplab berish yuzasidan sertifikatlar taqdim etildi.

Shuningdek, tadbirda joriy yilning 16 sentyabr kuni e’lon qilingan «Suv xo‘jaligining yetakchi ayollari» tanlovining g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi.

Xotin-qizlarning suv xo‘jaligiga qo‘shgan hissasini munosib rag‘batlantirish, suv resurslarini boshqarish va barqaror rivojlanishda ayollarning roli muhimligiga jamoatchilik e’tiborini oshirish hamda suv xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan ushbu tanlov shartiga ko‘ra, har bir ishtirokchi suv xo‘jaligi sohasidagi xotin-qizlarning ish faoliyatiga oid fotosurati va uning professional muvaffaqiyatining qisqacha tarixini taqdim etishi kerak edi.

Tanlovga jo‘natilgan 50 dan ortiq ijodiy ishlar orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 1 nafardan, jami 13 nafar g‘olibalar aniqlanib, ularga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida O‘zbekiston suv xo‘jaligining 2030 yilgacha bo‘lgan gender konsepsiyasini ishlab chiqish ishchi guruhining ikkinchi majlisi ham o‘tkazilib, mazkur hujjatni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘zA