Parkent tumanida Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi. Unda tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tadbirkorlar, mahalla faollari hamda suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etdi.
Qabul davomida Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov fuqarolarning ichki va xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlarini tozalash, nasos stansiyalarining ish faoliyati, drenaj va kollektor tarmoqlarini ta’mirlash, fermer xo‘jaliklariga suv ajratish tartibiga oid murojaatlarini qabul qildi.

Shuningdek, o‘n ikki nafar fuqaroning murojaatlari tegishli mas’ul rahbarlarga biriktirilib, belgilangan tartibda joyiga chiqib o‘rganish va ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatildi hamda nazoratga olindi. Sayyor qabul jarayonida surdotarjimon orqali imkoniyati cheklangan shaxslarning ham murojaatlari qabul qilinib, ularning masalalari qonunchilikka muvofiq hal etilish choralari ko‘rildi.
– Shu kunlarda Toshkent viloyati bo‘yicha keng ko‘lamda sug‘orish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, suv oqimini me’yoriy holatga keltirish, suv yo‘qotilishini kamaytirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan barqaror ta’minlashga kirishilgan. Ishlar belgilangan grafik asosida olib borilmoqda va tozalash jarayonida zamonaviy maxsus texnika va mexanizmlardan foydalanilmoqda. Shu bilan birga, aholi, fermerlar va bog‘dorchilik xo‘jaliklari egalari bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlarda mavsumiy ishlarning ahamiyati tushuntirilmoqda, – deydi Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alijon Zokirov.

Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tkazilgan qabul davomida hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usullaridan samarali foydalanish, ichki ariq va tarmoqlarni soz holatda saqlash kabi masalalar bo‘yicha tushunchalar berildi.

A.Musayev, O‘zA.