Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari universitetida suv xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlar hamda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy xodimlari tomonidan yaratilgan yangi ishlanma va ixtirolarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi. Ushbu tadbir davlatimiz rahbarining joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan V ochiq muloqoti davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamroyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ko‘ng‘irotboy Sharipov, olimlar va yosh ixtirochilar ishtirok etdi.
Tadbirda xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI), Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi, BMT taraqqiyot dasturi (UNDP), Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi vakolatxonasi (KOICA) va boshqa xalqaro muassasalar vakillari ham qatnashdi.
Yangi ixtiro va qurilmalarni tadbirkorlar bilan birgalikda ishlab chiqarishga joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, bitiruvchilarni ishga olish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Ta’kidlandiki, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan joriy yilda umumiy hajmi 7.3 mlrd so‘mlik 82 ta ilmiy-tadqiqot loyihalari, shundan Respublika davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 30 ta ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xalqaro moliya institutlari hisobidan qiymati 308 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 2 ta grant loyihasi bajarilmoqda.
Muloqot davomida Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan yangi ilmiy ishlanmalar namoyish qilindi. Unda suv tejovchi texnologiyalar, sug‘orish tizimlari va butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning 180 ta ixtirolari o‘rin oldi.
Ochiq muloqot yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi va milliy tadqiqot universiteti, ilmiy va oliy ta’lim muassasalari bilan tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik, ishlanmalarni xarid qilish, moliyalashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Tadbirda ilmiy tadqiqotchilar, nufuzli xalqaro tashkilot va moliya muassasalaridan vakillar, suv tejovchi tizimlar va butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi va quruvchi korxonalar hamda suv xo‘jaligi tashkilotlaridan jami 240 nafar mutaxassis ishtirok etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Xwy_M3p71tM" title="Suv xo‘jaligidagi yangi ixtirolar namoyishi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA