Suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va suv yo‘qotishlarini keskin kamaytirish bugungi kunda mamlakat qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi sharoitida irrigatsiya infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida yangilash, kanallarni betonlashtirish hamda ochiq tarmoqlarni samarali boshqarish tizimlariga o‘tkazish suv xo‘jaligi sohasidagi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirligining axborot xizmatiga ko‘ra, respublikamizda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga suv yetkazib berish uchun jami 173,5 ming kilometr kanallar va sug‘orish tarmoqlari xizmat qiladi. Shundan 28,7 ming kilometri magistral va xo‘jaliklararo kanallar, 48,6 ming kilometri tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari hisobidagi kanallar hamda 96,1 ming kilometri klaster va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi ichki sug‘orish tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
2025 yilda irrigatsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 1 trillion 4 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan 770 kilometr kanal, 131 kilometr sug‘orish tarmoqlari, soniyasiga 40,4 m3/sek suv chiqarish quvvatiga ega nasos stansiyalari, 46,7 kilometr bosimli quvurlar hamda 45 ta sug‘orish quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, melioratsiya ob’ektlarida 115 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 298,8 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Natijada betonlangan irrigatsiya tarmoqlarida filtratsiya, ya’ni suvning yerga shimilib ketishi kamaydi, suvni boshqarish tizimi takomillashdi va 300 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilandi.
–Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham kanallarni betonlashtirish masalasi alohida o‘rin egalladi. Xususan, kelgusi yilda 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallarni beton qoplama bilan qoplash rejalashtirilgani ta’kidlandi. Bu esa qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million metr kub suvni iqtisod qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi belgilangan. Shu yo‘nalishda yirik loyihalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, 1,3 ming kilometr yirik kanallarni beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha zarur tadbirlarni tashkil etish ishlariga allaqachon kirishilgan, –dedi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari O‘tkirbek Sheraliyev.
N.Ziyodullayeva,O‘zA