Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Suv xo‘jaligida dolzarb 30 kunlik» e’lon qilindi
17:12 / 2023-03-02

Barchamiz orziqib kutgan, bu yil har yilgidan-da ko‘proq sog‘intirgan, ulug‘larimiz duoga qo‘l ochib, barakali, yomg‘irga mo‘l bo‘lishini so‘rayotgan ayyom – ko‘klam fasli quyoshning iliq nurlari ostida jilmayib kirib keldi.

«Yiroqdagi suv bilan chanqoqlik qonmas», deydilar. Shu ma’noda, dastlabki ikki oyi yog‘ingarchiliklarga serob kelgan 2023 yilda iqtisodiyot tarmoqlari va xalqimizga suvni muammolarsiz yetkazib berish, obi-hayotdan tejamkorlik bilan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida respublikamiz suvchilari tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborishgan.  

Mart oyi bayramlar va go‘zallikka boy, yangilanish va o‘zgarishlar davri ekanidan kelib chiqib, «Suv xo‘jaligida dolzarb 30 kunlik» e’lon qilindi. Bu davrda suv inshootlarining atroflarini tartibga keltirish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat qadash, muhofaza hududidagi maydonlarga ekin ekish ishlari amalga oshirilishi belgilab olindi.  

Navro‘z – bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, urf-odatlar, an’ana va qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan umumxalq bayrami!  

«Suv xo‘jaligida dolzarb 30 kunlik»ning e’lon qilinishi mamlakatimiz Prezidentining «2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalarga hamohangdir. Yurtimizda Navro‘zi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlashga qaratilgan mazkur qarorda bayram arafasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.  

Bu borada mamlakatimiz suv xo‘jaligida hasharlar, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari boshlanib ketdi.  

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida suvchilar 10 mln. tup daraxt ko‘chatlari ekishni rejalashtirgan edi. Shundan 2 mln. tupi kuz oylarida o‘tqazildi. Fevral oyining oxiriga kelib, yana 3 mln. 400 ming tur ko‘chatlar ekib bo‘lindi. Ayniqsa, janubiy viloyatlarda ishlar erta boshlandi.  

Surxondaryo viloyatidagi «Amu-Zang» irrigatsiya tizimi boshqarmasi jamoasi kanallar atrofi, gidro-uchastkalardagi bo‘sh maydonlar hamda yordamchi xo‘jalik ekin maydonlarining chetlariga turfa daraxt ko‘chatlaridan 7 ming tupini o‘tqazishdi.  

«Suv xo‘jaligida dolzarb 30 kunlik» tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotgan jamoa a’zolari 31 martgacha 38 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatini ekish va parvarishlash maqsadida o‘zaro musobaqalashib mehnat qilishyapti.  

– Ayonki, yozda viloyatimiz, ayniqsa, Jarqo‘rg‘on tumani hududida boshqa joylarga nisbatan haddan ziyod issiq bo‘ladi, – deydi boshqarma rahbari Turg‘un Qulmirzayev. – Mutaxassislarimiz yil bo‘yi kanallar atrofida ishlaydi. Bugun o‘tqazilayotgan nihollar namunali parvarishlansa, nari borsa, ikki yilda soya tashlab qoladi. Muhimi, kanallar atrofi daraxtzorga burkansa, kishining bahri dili ochiladi. Har bir ekilayotgan nihol tutib ketishi uchun kanal mutaxassislarini mas’ul etib tayinlayapmiz.  

Tizimdagi ma’muriy islohotlar doirasida 2023 yilda Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatining 10 ta asosiy yo‘nalishi belgilab olingan. Bular: ixcham va samarali boshqaruvga o‘tish, suv resurslarini boshqarish, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish, ta’lim, ilm-fan va tarmoq integratsiyasi, kadrlar salohiyatini oshirish, sohani raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari, investitsiya va texnik ko‘mak mablag‘larini jalb qilish yo‘nalishlaridir.  

Bu jarayonda eng quyi bo‘g‘in hisoblangan tuman irrigatsiya bo‘limlari tarkibidagi suv xo‘jaligi maxsus xizmatlari bilan iste’molchilarning munosabatlarini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, «vazir-mirob-fermer» zanjiri amalda samarali ishlashiga va xalqning roziligiga erishish ustuvor maqsad qilib qo‘yildi.  

«Bir kishi ariq qazar, ming kishi suv ichar», degan maqol bor. O‘ttiz ming kishidan ortiq suvchilar jamoasi butun mamlakatimiz aholisining farovonligi yo‘lida xizmat qilmoqda. Ular zimmalaridagi mas’uliyatni chuqur his etgan holda o‘z kasbini ulug‘lab, yurt taraqqiyoti yo‘lida astoydil mehnat qilishmoqda.  

Sh.Suyunov,  

Suv xo‘jaligi vazirligi  

Axborot xizmati boshlig‘i