Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv xo‘jaligi vazirining axboroti eshitiladi
14:28 / 2025-11-18

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Suv xo‘jaligi vazirining “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 – 2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi ijrosi, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishi hamda qonunchilik hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksiga muvofiqlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitish haqida”gi masala ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish, suv sarfini kamaytirish maqsadida suv ob’ektlarini rekonstruksiya qilish, nasos stansiyalarini energiya tejamkorlariga almashtirish, ularning elektr sarfini kamaytirish, suv ta’minoti darajasini oshirish, suv tejaydigan texnologiyalardan keng foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, 2030 yilga qadar qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni to‘liq joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Agrosektorda bu texnologiyalar qo‘llanilishi 2017 yildagi 28 ming gektardan 2024 yilga kelib 2,1 mln. gektarga yetgan. 2025 yilning o‘tgan davrida esa 678,8 ming gektarda yangi texnologiyalar joriy etilgan.

Shuningdek, tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret usullardagi sug‘orish texnologiyalari keng joriy etilishi hisobiga suv sarfini 40–50 foizga, mineral o‘g‘itlar sarfini 25–30 foizga, yoqilg‘i-moylash materiallarini 30–35 foizga kamaytirish, bir vaqtning o‘zida hosildorlikni 30–50 foizga oshirish imkoniyati yaratilgan.

Deputatlar suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish dasturining ijrosi, Suv kodeksiga qonunchilikni muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhimligini ta’kidlab, Suv xo‘jaligi vazirining axborotini eshitish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA