Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv xo‘jaligi vaziri sirdaryolik suvchilar va fermerlar faoliyati bilan tanishdi
21:13 / 2021-08-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Sirdaryo viloyatida 2021 yil hosili uchun jami 12 326 gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi, 100 gektar paxta maydonlarida pulsar sug‘orish texnologiyasini joriy etish, 17 924 gektar maydon yerlarini lazerli tekislash rejalashtirilgan.

Viloyatdagi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etuvchi klaster va fermer xo‘jaliklari bilan pudrat tashkilotlari o‘rtasida texnologiyani qurish bo‘yicha 17 422 gektar maydonga, shundan 13 644 gektar tomchilatib sug‘orish, 120 gektar yomg‘irlatib sug‘orish va 3658 gektar maydonda diskret sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.

 bugungi kungacha klaster va fermer xo‘jaliklarining 15 526 gektar maydonida texnologiyalarni qurish uchun jami 281 mlrd. so‘m mablag‘lari moliyalashtirilgan. Pudrat tashkilotlari tomonidan 15 512 gektar maydonda qurilish ishlari boshlanib, 9898 gektar maydonda qurilish ishlari yakunlandi. 

Ish yakunlangan 8383 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Texnologiya qo‘llangan 6909 gektar maydonga subsidiya olishga hujjatlar tayyorlangan bo‘lsa, 5517 gektar maydon uchun subsidiya ajratish Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etildi. Vazirlik tomonidan 1206 gektar paxta maydoni uchun 10,021 mlrd. so‘m subsidiya klaster va fermer xo‘jaliklari hisob raqamlariga o‘tkazib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev qishloq xo‘jaligida suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tadbirlari qay darajada olib borilayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. “Sardoba” suv omborida va tumanda faoliyat olib borayotgan klasterlarda bo‘lib, u yerda ishlayotgan mutaxassislar, suvchilar va fermerlar bilan suhbatlashdi.

Ikki kun davom etgan o‘rganishlar davomida Sirdaryo tumanidagi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxona shaklidagi MCHJ tasarrufidagi dala maydonlarida “Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida bugungi kunda sug‘orish tizimidagi tomchilatib sug‘orish usulining avzalliklari” deb nomlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Unda Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mas’ul xodimlari, tuman va SIU rahbarlari, fermerlar ishtirok etdi. Vazir suv olishni tartibga solish, uni tejab ishlatish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish bugungi kunning talabi ekanligini ta’kidladi. Tadbirda “TIANCHEN” MCHJ bosh derektori Kang Hong hozirgi kunda ushbu korxonada tomchilatib sug‘orish texnologiyalari uchun barcha turdagi uskunalar ishlab chiqarilayotganligini ma’lum qilib fermerlarni hamkorlikka da’vat etdi. Sindorobod SIU raisi Bahodir Isayevning qayd etishicha, Respublikamizda suv tanqisligi o‘tgan yilga qaraganda 25 foizga kam bo‘lishi aytilgan, ammo shunga qaramasdan, bu yil ham suv ta’minoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.  

So‘ng Xovos tumanidagi Ulug‘bek Yo‘ldoshev rahbarlik qilayotgan “Sayxun” fermer xo‘jaligi paxta dalasida xovoslik fermerlar bilan suhbatlashildi. Ulug‘bek Yo‘ldoshev viloyatda birinchilardan bo‘lib, suv tejovchi texnologiyalarni o‘z paxta dalasiga o‘rnatgan izlanuvchan fermerdir. G‘o‘zalarni sug‘orishni qo‘l telefoni orqali boshqarib keladi. Ushbu fermer xo‘jaligi Germaniyada ishlab chiqarilgan nasoslardan foydalanadi.

Hozirgi kunda yurtimizda esa 36 ta yirik, 56 ta kichik korxona suv nasoslari va uning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarmoqda. Suhbat davomida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan shu kabi jihozlardan ham unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.  

Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA