Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev : Qashqadaryoda 1,5 milliard kub suvni tejashga erishiladi
17:22 / 2020-11-18

Davlatimiz rahbari joriy yilning 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahrida viloyat faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini keskin tanqid qildi.

Xususan, noto‘g‘ri sug‘orish oqibatida yerlarning 45 foizi sho‘rlangani, ayniqsa, bu borada Muborak, G‘uzor, Nishon va Koson tumanlarida ahvol juda og‘ir ekanligini, 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketganini, tomchilatib sug‘orish jami sug‘oriladigan maydonning bor-yo‘g‘i 2,4 foizida joriy qilinganini ta’kidlab o‘tdi.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Qashqadaryoga keldi va joylarda fermer xo‘jaliklari, klasterlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Viloyatning Nishon tumani namunaviy hudud sifatida tanlab olindi. Tumanda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Sh.Hamroyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi.

– Yurtboshimizning Qashqadaryoga tashrifi jarayonida suv xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar jiddiy tanqidga uchradi. Uzoq yillar davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bu tanqidlarga sabab bo‘ldi. Biz ayni paytda barcha tumanlarda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini jadal olib borayapmiz. Xususan, viloyatning Nishon tumanini irrigatsiya va melioratsiya ishlari bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirishga harakat qilamiz.

Bu yerda bugungi kunda 25 dan ortiq ekskavator, buldozer va boshqa turdagi mexanizmlar ishlamoqda. 500 nafardan ortiq suv xo‘jaligi tizimidan va 500 nafarga yaqin fermer xo‘jaliklari hisobidan hasharchilarni chiqarib, ularga kerakli sharoitlar yaratib bergan holda ichki kanal va zovurlarni tozalash ishlarini boshlab yubordik. Shu bilan birga qatorda suv inshootlarini ta’mirlash ishlari boshlandi. Ularni ta’mirlab, gidropostlarni o‘z holiga keltirsak, suvni hisob-kitobini qilishga, suvni boshqarishda katta samara beradi.

Biz umuman bu yil Qashqadaryo viloyatida suv resurslaridan samarali foydalanish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqib, suv iste’molchilari bilan kelishib oldik. Xudo xohlasa, 1,5 milliard kub suvni tejash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ya’ni bunda 300 million kub suvni novigetatsiya davrida ya’ni 1 aprelgacha bo‘lgan muddatda. Qolgan 1 milliard 200 million kub suvni 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo‘lgan muddatda iqtisod qilishga kelishib oldik.

Buning uchun suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilishimiz kerak. Kamida 50 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini qo‘llashni kelishib oldik. Bu bo‘yicha qator tumanlarda fermerlar va klasterlarimiz bilan uchrashuvlar qilyapmiz. Bundan tashqari 10 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlarni joriy qilamiz. Bu ham 20-25 foizga suvni iqtisod qiladi. Bundan tashqari plyonka tushab sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu texnologiyalar joriy mavsumda ham Qashqadaryo viloyatidagi qator fermerlar, klasterlar hududida qo‘llanildi, lekin kam miqdorda. Kam miqdorda bo‘lsa ham natijasi samarali bo‘ldi. Ular haqiqatda bu usulning natijasi ijobiy bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Kamida ikki baravar suv tejaldi. Paxtadan misol keltirsak, hosildorlik 10-15 sentnerga ko‘proq bo‘lishiga erishildi. Bundan tashqari mineral o‘g‘it, yoqilg‘i moylash mahsulotlari, ishchi kuchi resurslari va moddiy resurslar tejaldi. Eng asosiysi ushbu yo‘nalishda davlat tomonidan subsidiyalar ajratilyapti. O‘rtacha 15-20 million so‘m harajat qilayotgan bo‘lsa, shu mablag‘ni 8-10 million so‘mi davlat tomonidan subsidiyalar berish orqali qoplanmoqda. Loyiha esa bir-ikki yilda o‘zini oqlab chiqayapti va keyingi yillar yana katta samara beryapti.

Aytish joizki, bu yildan boshlab, katta miqdorda suv solig‘i, yer solig‘i joriy qilingan. Bularni to‘lash ham ancha mushkul. Ularni to‘lash uchun ham suvni tejovchi texnologiyalar qo‘llansa ularga 5 yil mana shunaqa imtiyozlar yaratiladi. O‘ylaymanki, bugungi targ‘ibot va tashviqot ishlari, suv tanqisligiga tayyorgarlik ishlari albatta o‘zining samarasini beradi.

Bundan tashqari yana bizning bir og‘riqli nuqtamiz suv xo‘jaligi ichki tarmoqlarida juda ko‘p miqdorda suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilishidir. Shuning uchun biz Nishon tumaniga olimlarni jalb qilib, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash bo‘yicha ham seminarlar o‘tkazyapmiz. Hududlardagi lotoklarning ko‘p qismi ishdan chiqqan. Ularni yangilayapmiz. Qarshida ikkita zavodimiz bor ular bilan shartnoma qilib lotok ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz. Shu bilan bir qatorda lotoklarni zamonaviy texnologiyalar yordamida ta’mirlash ishlarini ham olib boryapmiz. Ta’mirlagandan keyin ham ular yana 10 yil xizmat ko‘rsatadi. Suv inshootlarini ham ta’mirlab ularga axborot texnologiyalarini qo‘llashni yo‘lga qo‘yyapmiz va bu qilinayotgan ishlar suvni yanada tejash samaradorligini oshishiga xizmat qiladi.

[gallery-78]

Xalqimizda bir maqol bor otang mirob bo‘lsa, arig‘ingni chuqur qaz degan. Shuning uchun bizning eng katta vazifamiz mavjud ariqlarimizni yaxshilab tozalab olishimiz kerak. Va albatta zovur, zaxkash tarmoqlarimiz yaxshi ishlashi kerak. Bu borada viloyatda qator kamchiliklar bor. Avval ekskavatorlar yetishmasdi. Yurtboshimizga rahmat tizimda ishlaydigan zamonaviy ekskavatorlar olishimizga ko‘mak berdi. Fermerlarimiz, klasterlarimiz ham qarab turishmayapti. Ular ham yoqilg‘idan, ishchi xizmatchilarga oziq-ovqat masalasida yordam beryapti. Mana shunday birgalikda harakat qilsak natijalar yomon bo‘lmaydi.

Yana bir masala. Qashqadaryo viloyatida juda ko‘p yerlar noteks. Viloyat bo‘yicha, atigi ikki dona lazer tekislagich bor ekan. Qolgani yaroqsiz holda. Lizing kampaniyalari bilan hamkorlikda 200 ga yaqin lazer tekislagichlar va boshqa texnikalarni xarid qilishni klasterlarimiz bilan kelishib oldik. Yurtboshimizning tanqidlaridan keyin ko‘p kishi uyg‘ondi. To‘g‘ri xulosa qildik.

bugungi kunda viloyatda suv xo‘jaligi ichki tarmoqlarida suvni to‘g‘ri taqsimlash bo‘yicha kamchiliklar ham ko‘p. Ariqni boshidagi fermer suvni me’yoridan ortiq oladi, oxiridagiga suv yetib bormaydi. Natijada suv ko‘p olgan joyda sho‘rlanish oshadi. Buning uchun deputatlar, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Targ‘ibot-tashviqot ishlarini ko‘proq olib borishimiz kerak va fermerlarga, dehqonlarga kelayotgan bu suv ming mashaqqatlar evaziga olib kelinayotganini tushuntirishimiz kerak. Tejamasak bo‘lmaydi. Kimnidir jazolash bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ularga suvdan oqilona foydalanishni o‘rgatish kerak. Dehqonlar buni his qilishi kerak. Shundagina ishlar ijobiy bo‘ladi. Nasib etsa, Nishon tumanida mana shu ishlarni joriy qilib, boshqa hududlarda ham tatbiq qilamiz.

Kuzatishlarimdan kelgan yana bir xulosam shuki, Qashqadaryoda dehqon-fermerlar yerdan olayotgan daromadini bir foizini ham yerning meliorativ holatini yaxshilash uchun sarflamaydi. Faqat ber deydi. Uzoq yillar mana shu tamoyil asosida ishlab keladi. Bu esa yerlarning hosildorligini pasayib ketishiga, sho‘rlanish darajasini oshib ketishiga olib kelgan. Xullas yaqin yillarda viloyatda suv xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Maqsad tez fursatlarda Yurtboshimiz ta’kidlab o‘tgan kamchiliklarni bartaraf qilish va yuqori natijalarga erishish. O‘ylaymanki, Qashqadaryo viloyatida boshqa hududlarga qaraganda potensial yaxshi va biz birgalikda yuqori natijalarga erishishimizga ishonaman.

 

O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV(surat), O‘zA