Toshkent viloyatidan oqib o‘tadigan Jun kanali asrlar davomida hudud aholisini obi-hayot bilan ta’minlab kelgan. Yillar davomida kanal chetlari kengayib, suv o‘tkazish quvvati pasayib bordi. Bu esa uning katta miqdorda isrof bo‘lishi, tomorqa yerlarining zahlab ketishi, iste’molchilarga yetkazib berishda muammolarni yuzaga keltirayotgan edi.
Mamlakatimiz Prezidentining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi” tasdiqlandi.
Dastur asosida irrigatsiya tarmoqlarining 2 551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 1.3 trln so‘m ajratish va xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 300 mln AQSH dollarini o‘zlashtirish reja qilingan.
Dastur qabul qilinishi bilan ishlar ham boshlab yuborildi. Shu yilning sentyabr oyida Jun kanalini betonlashtirish ishlari ikki hududda boshlandi. Jami 79 nafardan ortiq mutaxassis va ishchilar, 15 dan ortiq qudratli texnikalar yordamida kanal uzanlari tekislanib, zarur joylariga tuproq bilan to‘ldirilmoqda, tayyorlangan joylar beton bilan teksilab borilyapti. Ishchilarga ikki mahal ovqat, kelib ketishlari uchun transport va boshqa zarur sharoitlar yaratildi. Ish 2 smenada tashkil qilingan. Kanal betonlashtirilganidan so‘ng salkam 1000 gektar yerning suv ta’minoti kafolatlanadi, atrofdagi yerlarning meliorativ holati yaxshilanadi. Bu haqida Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlarga atroflicha ma’lumot berildi.
Ko‘riladigan chora-tadbirlar natijasida beton qoplamali kanallar ulushi 39 foizdan 47 foizgacha oshiriladi, bunda beton qoplamali kanallar uzunligi 13.5 ming kilometrgacha yetkaziladi;
irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,75 gacha oshiriladi;
respublikada joriy yilda – 10 mlrd kub/metr,
2026 yilda – 12 mlrd kub/metr,
2027 yilda – 13 mlrd kub/ metr,
2028 yilda – 14 mlrd kub/metr suv iqtisod qilinadi.
Qarorga binoan, respublikada suv sarfi hisobi va hisobotining to‘liq yuritilishini ta’minlash maqsadida muhim suv xo‘jaligi ob’ektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimi joriy etiladi. Bunda 2025–2026 yillarda davlat chegarasida olinayotgan suv miqdorini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini yaratuvchi kamida 300 ta raqamli suv o‘lchash qurilmasi o‘rnatiladi hamda markazlashgan ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi.
Masalan, Toshkent suv ombori 250 mln kub/metr sig‘imga ega. Hozirda uning sig‘imi 150 mln kubometrga tushib qolgan. Sababi 122 ming gektar maydon sug‘oriladi. Suv omboriga kelayotgan va chiqayotgan suvni o‘lchash zamonaviy texnologiyalarsiz imkonsiz. Shuning uchun bu yerga “Aqlli suv o‘lchagich”lar o‘rnatilib, suv sarfi to‘liq nazoratga olingan. Bu esa ortiqcha isrofgarchilikning oldini oladi. Aytish kerakki ushbu suv ombori 3ta tumanni ob-hayot bilan ta’minlab keladi. Yana bir e’tiborli tomoni zamonaviy boshqaruv tizimi uzunligi 19.5 kilometr suv arteriyalarining tartibli boshqarish imkonini beradi.
Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi nasos stansiyalarining eskirgan 562 ta nasos va 578 ta elektr dvigatelini zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, ularning yillik elektr energiyasi sarfini 6.8 mlrd kVt/soatdan 6.2 mlrd kVt/soatgacha kamaytirish va suv ta’minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
2025 yilda tajriba tariqasida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 15 ta nasos stansiyasida muqobil energiya manbalari hamda energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
12 080 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida raqamli texnologiyalar asosida suv sarfi hisobi monitoringi yo‘lga qo‘yiladi va tizimdagi 1 750 ta nasos agregatining suv sarfi hisobi onlayn rejimda monitoring qilinadi.
12 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkazish hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarida suv xo‘jaligi ob’ektlarini xususiy sektor boshqaruviga berish orqali harajatlarni 15 foizga kamaytirish choralari ko‘riladi.
Dasturda ko‘zda tutilgan barcha tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 124.1 trln so‘m, shundan davlat byudjetidan 49.1 trln so‘m, mahalliy byudjetlardan 9 trln so‘m, xalqaro moliya institutlari va donorlar hisobidan
1.64 mlrd dollar (20.5 trln so‘m) miqdorida xorijiy investitsiyalar, shuningdek, tashabbuskorlar (investorlar, fermer va klasterlar) tomonidan qo‘shimcha 42.9 trln so‘m mablag‘larni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Suv – ulug‘ ne’mat, butun olam tirikligining manbai. Obi-hayot bilan dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz farovon.
Prezidentimizning ushbu qarori xalqimizni yaqin yillar ichida suv bilan ta’minlash, dehqonlarimizga zarur sharoitlar yaratish yo‘lidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab beradigan muhim hujjat bo‘ldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/onmzelFw03A" title="Suv xo‘jaligi tizimida yangi dastur tasdiqlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA