Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan suv xo‘jaligi tizimida “Siyosiy faollik va tashabbuskorlik – islohotlar poydevori” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Vazirlik apparat xodimlari hamda videokonferensaloqa tarzida tizim tashkilotlarining mas’ullari ishtirok etgan tadbirda siyosiy ong va faollikni oshirish, jamoatchilikni partiyaning g‘oyaviy maqsadlari bilan yaqindan tanishtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu tadbir suv xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan mustahkam muloqot o‘rnatish, amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlarning mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, partiyaning saylovoldi dasturi doirasida suv resurslarini oqilona boshqarish va sohadagi ustuvor vazifalarni mutaxassislar bilan chuqur muhokama qilishga qaratildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi Sharap Otemisov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar, suv xo‘jaligidagi muammolarni bartaraf etishda siyosiy tashabbuslarning ahamiyati va hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash zaruriyati haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
O‘zLiDeP ning saylovoldi dasturida suv resurslarini saqlash, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, “Toza suv” loyihasi orqali aholi turmush sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish kabi tashabbuslar ustuvor o‘rin tutgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir doirasida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida O‘zLiDeP ning yangi boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi. Uning raisi etib vazirlikning axborot xizmati bo‘yicha bosh mutaxassisi G‘ayratjon Otajonov saylandi.
Ahamiyatlisi shundaki, tadbir doirasida 103 nafar xodim partiya a’zosi bo‘lish istagini bildirdi va islohotlarni amalga oshirish jarayonida faol ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qilishdi.
— Bugungi muloqotda biz nafaqat partiya dasturi bilan tanishdik, balki fuqarolik jamiyatining rivojida har birimizning o‘rnimiz borligini yana bir bor his qildik, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qurilish va ta’mirlash ishlarini tashkil etish sho‘’basi boshlig‘i Aydos Maxamatdinov. — Siyosiy faollik — bu faqat saylovoldi jarayonida emas, balki doimiy, izchil va tashabbuskor faoliyatdir.
Mana bugun men partiya safiga qo‘shilishga xayrixohlik bildirdim va a’zolik guvohnomasini qabul qilib oldim. Endilikda o‘z tashabbuslarimizni partiya deputatlari orqali ilgari surish imkoniyatiga egamiz. Suv xo‘jaligidagi muammolarni hal etishda ham ana shunday yondashuv, mas’uliyat va hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri