Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlar va olimlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi
22:58 / 2025-08-28

Bugungi kunda suv resurslarini samarali boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va sohada innovatsiyalarni keng qo‘llash suv xo‘jaligidagi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va agrar sohada yuqori samaradorlikka erishish kabi muammolar suv xo‘jaligida ilmiy yondashuv zarurligini yanada kuchaytirmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari universitetida tashkil etilgan ochiq muloqot muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ushbu ochiq muloqot Prezidentimizning joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi suv xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlar va olimlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy ishlar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etishni ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda 240 nafarga yaqin mutaxassislar va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Ochiq muloqot doirasida umumiy 180 ta ilmiy ishlanma va mahsulotlar ko‘rgazmaga qo‘yildi.

Ular orasida Toshkent irrigatsiya universiteti – 50 ta ishlanma, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti – 20 ta, “SUVMASH” AJ – 10 ta, Suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi va quruvchi korxonalar – 50 ta va boshqa muassasalar – 50 ta ishlanma taqdim etdi.

Ko‘rgazmaning yana bir muhim jihati – 2023 yil 20 iyundagi Prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Agrobank” ATB tomonidan ajratilgan 10 milliard so‘mlik grant mablag‘i asosida moliyalashtirilgan 13 ta ilmiy ishlanmaning namoyishi bo‘ldi. Bu nafaqat ilmiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlash, balki uni tijoratlashtirishga tayyorgarlikni anglatadi.

Tadbir yakunida ishlanmalarni moliyalashtirish va amalda joriy etish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Bu esa tadbirni faqat axborot almashuvi emas, balki aniq natijalarga ega platformaga aylantirdi.

Dildora Do‘smatova, O‘zA