Suv xo‘jaligi vazirligida 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Tadbirda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev jamiyatda xotin-qizlarning suv xo‘jaligi tizimida ishlashga bo‘lgan qiziqishi ortib, oxirgi yillarda sohada ayollarning ulushi ko‘payayotganini qayd etdi. Bunda tizimdagi har bir tashkilotda xotin-qizlarga imkon qadar yengilliklar berilayotgani, ular moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanayotgani ham alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
Ayni paytda mamlakatimizda qishloq hududlarida 8,6 millionga yaqin xotin-qiz istiqomat qiladi. Ularning aksariyati qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida, tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilik, tomorqa yer maydonidan samarali foydalanish yo‘nalishlarida fidokorona mehnat qilib kelmoqda. Xususan, respublikamizda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerni suv bilan ta’minlash, suvning hisobini olib borish, tejash, sohaga zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish, suv inshootlarini masofadan turib boshqarishni joriy qilishda vazirlik va uning quyi tizimlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning munosib hissasi bor.

“Suv xo‘jaligi sohasining eng namunali fidoyi ayol xodimasi”ni aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tanlov o‘tkazildi. Tanlovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlaridan xotin-qizlar jalb etildi. Tadbirda tanlov g‘oliblariga mukofotlar topshirildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti xotin-qizlar kengashi raisi, professor Z.Ismoilova, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i A.Mahmudova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani irrigatsiya bo‘limi texnik gidrotexnigi Q.Allabergenova, Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasi Qo‘rg‘ontepa tuman uchastkasi boshlig‘i N.Mirzarahimovalar so‘zga chiqib, suv xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA