Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv xo‘jaligi resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlardan voz kechish vaqti keldi
11:45 / 2023-12-23

Prezident tashabbuslari – amalda

Umumiy suv resurslarimizning to‘qson foizi qishloq xo‘jaligi uchun ishlatiladi. Oddiy misol, yiliga bir gektar g‘o‘za maydonini sug‘orishga o‘n bir ming kubmetr suv sarflaymiz.

Bir qarashda bu ma’lumot e’tibor tortmasligi mumkin. Iqlimi va yeri O‘zbekistonnikiga o‘xshash mamlakatlarda esa paxta uchun bundan uch baravargacha kam suv qo‘yiladi. 

Aslida natijani bundan ham yaxshilash mumkin. Unga qanday erishiladi? Yechim suvni to‘g‘ri boshqarish va isrofgarchilikning oldini olishga e’tibor qaratishda ko‘rinadi. 

Mamlakatimiz suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha bir milliard dollar mablag‘ yo‘naltiriladi. Summaning salmog‘ini tasavvur qilish uchun boshqa sohalar bilan solishtiramiz. 

Bu soha byudjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mablag‘ oz emas, ammo tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini ta’kidlash joiz. Suv resurslarini boshqarishda esa eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani ham haqiqat. Bu kabi masalalar hal etilmas ekan samara kutilganidek bo‘lmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, suv resurslarining yigirma foizi o‘zimizda hosil bo‘ladi. Bu statistika uning katta qismi qo‘shni davlatlarda shakllanishini anglatadi. Ekologik muammolar oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib borayotgani tashvishli. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yana yetti-sakkiz yilda yurtimizdagi suv tanqisligi o‘n besh milliard kub metrga yetishi prognoz qilinyapti.

Yurtimizda obihayotdan foydalanish madaniyati va suv ishlatish samaradorligini oshirish bo‘yicha izchil islohotlar boshlanganing sababi ham shunda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, suv resurslarini tejashga qaratilgan qator maqsad va vazifalar aniq belgilangan. Xususan, strategiyada suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xo‘jaligida suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini ikki million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilgan hududlarni 600 ming gektargacha yetkazish maqsad qilingan.

Tuproq qoplamali kanallarni beton qoplamaga hamda ichki sug‘orish tarmoqlarining yopiq quvurli sug‘orish tizimlariga o‘tkazish bo‘yicha yetti yillik dastur doirasida irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti oshirish maqsadi ko‘zlangan. Suvni qayta ishlash, yetkazish va taqsimlash tizimiga xususiy sektorni jalb etish, dalalarga suv yetkazadigan ob’ektlarni tadbirkorlar boshqaruviga berish masalalari ham nazarda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 noyabr kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu mavzuga jiddiy e’tibor qaratildi. Xususan, sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi.

Bunda uchta muhim vazifaga urg‘u berildi. Bular kanal va ariqlarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish kabi jihatlardir. Ushbu vazifalar yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi. 

Betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha o‘ttiz foizdan ortiq suv iqtisodiy samarasiz isrof bo‘layotgani achinarli. Bu kabi yo‘qotishlar oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga besh milliard dollar daromad boy berilyapti. Bu shunchaki, betashvish aytiladigan summa emas.

Yig‘ilishda suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilinishining sababi ham shunda. Aniq vazifalarga to‘xtalamiz. Kelayotgan yilda bir yarim ming kilometr ko‘p yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. Bu ishlar ko‘lami yildan-yilga ortib boraveradi.

– Betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida suv yo‘qotilishi kuzatiladi, – deydi Qoraqalpog‘iston “Suvqurilishinkest” davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i Erzivar Bekniyozov. – O‘zbekiston hududlari bo‘yicha oladigan bo‘lsak Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Xorazm, Buxoroda yo‘qotishlar nisbatan ko‘proq. Bugungi kunda Nukusdagi “Do‘stlik” kanalida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Amudaryo tumanidagi bir qancha ovullarni suv bilan ta’minlovchi “Mang‘it arna” kanalida ham to‘rt kilometrlik masofada rekonstruksiya ishlari ketmoqda. Qorao‘zak tumanidagi “Yesimo‘zak” xo‘jaliklararo kanalining ikki yarim kilometri ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.

Yurtimizda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer maydonlari bor. Bu hududlarning o‘ttiz foiziga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani e’tiborga molik. Bu chora-tadbirlar natijasida klaster va fermer xo‘jaliklarida suv qirq foizgacha, o‘g‘it va yoqilg‘i esa o‘ttiz foizgacha tejalishiga erishilmoqda. Bu masalaning bir tomoni, boshqa jihatdan hosildorlik ham sezilarli oshganini ta’kidlash joiz.

– Sug‘oriladigan maydonlarni to‘liq suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olish reja qilingan, – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Nodir Xudoyberdiyev. – Bu sohada yaxshi natijaga erishgan davlatlar tajribasi chuqur o‘rganilmoqda. Mutaxassislar tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish bo‘yicha tajribalar olib bormoqda. Suv tejash amaliyotini faqat klaster va fermer xo‘jaliklarida emas, aholi tomorqalarida ham qo‘llash choralari ko‘rilmoqda. Bu bo‘yicha katta loyihalar amalga oshiriladi. 

Bugungi kunda suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish masalasi har qachongidan ham dolzarb. Bu xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirish uchun esa nasoslarni modernizatsiya qilish zarur. Shuningdek, ularni boshqarishni xususiy sheriklikka berish yaxshi samara keltirishi aytilmoqda.

E’tiborlisi, bu borada ham bir nechta yirik loyihalarga start berilgan. 

Muhimi, joylarda suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan vazifalar ijrosiga kirishildi. Bu esa, albatta, natija beradi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA