Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv xoʻjaligi vazirligining axboroti eshitildi
18:53 / 2019-10-28

Parlament quyi palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar soha mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.


Parlament quyi palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar soha mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-fevraldagi farmoyishi asosida vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi boʻyicha 11 yoʻnalishda olib borilgan amaliy ishlar koʻrib chiqildi.

Shuningdek, vazirlikning davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 17-iyunda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishi haqidagi maʼlumoti eshitildi.

Taʼkidlanishicha, suvni tejash boʻyicha maʼlumotlarni onlayn rejimida uzatish tizimini yaratish boʻyicha jahon tajribalari oʻrganildi va Koreyaning “Smart Water” axborot tizimi maʼqullanib, KOIKA xalqaro hamkorlik agentligining grant mablagʻlari jalb etildi. “Smart Water” qurilmalarini oʻrnatish boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan. Joriy yilda 33,2 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan. Shuningdek, 2019-yilning toʻqqiz oyida 547 loyiha doirasida 567,9 milliard soʻmlik meliorativ obyektlarni qurish va taʼmirlash ishlari hamda 1223,4 milliard soʻmlik irrigatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etganlarga davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi va buning natijasida 40,2 million kub metr suv tejaldi. Bu 6 ming gektar maydonda takroriy ekinlar yetishtirish imkonini berdi. Mineral oʻgʻitlardan foydalanish hajmi 8,4 ming tonnadan 6,7 ming tonnaga qisqargan, shuningdek, paxta maydonlarida hosildorlik sezilarli darajada oshgan.

Farmonga binoan 2020-2030-yillarda suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasi va strategiyasi ishlab chiqilishi respublikada foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish ishlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Deputatlar mamlakatimizda suv resurslarini muhofaza qilish va undan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar, kamchilik va muammolar, ularni hal etish borasida mutasaddi vazirlik hamda idoralar oldida turgan muhim vazifalar, shuningdek, suv va suvdan foydalanishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tadbir yakuni boʻyicha suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarini boshqarish masalalarini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirilib, qoʻmitaning tegishli qarori tasdiqlandi.