Soha vakillarining ta’kidlashicha, muzlarning erishi global iqlimni normadagidan yana 0,43°C darajaga isitib yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahrida (Tojikiston) bo‘lib o‘tgan muzliklarni saqlash bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, A.Abduhakimov Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi va barqaror rivojlanish uchun muzliklarni asrab-avaylash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Ishtirokchilarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, jumladan, “Yashil makon” tashabbusi, Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish, yashil texnologiyalar va suvni tejash tizimlarini joriy etish loyihalari bilan tanishtirdi.
Vazirlar muloqoti doirasida iqlim barqarorligi, muzliklarni saqlash va suv sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston ekologik siyosatga kompleks yondashuvni taqdim etdi: "yashil" iqtisodiyot strategiyasi, Milliy moslashish rejasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqlim kengashi va Milliy iqlim markazini tashkil etish. RESILAND loyihasi, "Kopernik" dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik va muz ko‘llarini monitoring qilish bo‘yicha YUNESKO loyihalarida ishtirok etishga alohida e’tibor qaratildi.
Iqlimshunoslikka bag‘ishlangan sessiyada mintaqa davlatlari iqlim bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini yaratish zarurligini muhokama qildi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoni “yashil” rivojlantirish konsepsiyasini yakunlash va 2026 yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash bo‘yicha ekspert guruhini shakllantirishni taklif qildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining ("Green University") ekologiya, suvni tejash va qayta tiklanadigan energiya sohalarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilmiy platforma sifatidagi roli ham tasdiqlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA