Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv va yashillik — taraqqiyot poydevori
12:41 / 2026-02-27

Mamlakatimizda suv xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilish, resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhit barqarorligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bu borada qabul qilingan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda davlatimiz rahbarining suv xo‘jaligini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslari joylarda izchil ijro etilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar suv resurslarini tejash, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va samaradorlikni oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi “Uchtom” irrigatsiya tizimi boshqarmasi, G‘allaorol hamda Arnasoy tumanlaridagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Do‘stlik tumani hududidan o‘tuvchi PR–12–4 kanali maxsus texnika vositalari yordamida loyqa va turli chiqindilardan tozalandi. Natijada uning suv o‘tkazuvchanlik qobiliyati sezilarli darajada yaxshilanib, suvni manzilli va uzluksiz yetkazib berish imkoniyati kengaydi. Bu esa suv yo‘qotilishining oldini olish, dehqon va fermer xo‘jaliklarini kafolatli suv bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, har bir tozalangan kanal — bu hosildorlik va samaradorlikka qo‘yilgan mustahkam qadamdir.

G‘allaorol tumanidagi “Mulkush” kanali qirg‘oqlari bo‘ylab esa Yashil makon umummilliy harakati doirasida ko‘chat ekish ishlari tashkil etildi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan ekologik barqarorlik tamoyillarining amaliy ifodasi sifatida hududda yashil himoya yo‘laklarini barpo etishga xizmat qilmoqda.  

Arnasoy tumani “Turkiston” hududidagi lotok tarmoqlarida amalga oshirilgan tozalash ishlari ham suv o‘tkazuvchanlikni oshirish va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini berdi. Mutaxassislar fikricha, irrigatsiya tizimidagi har bir yaxshilanish — qishloq xo‘jaligi yerlariga barqaror suv ta’minoti demakdir.

Mazkur ishlar O‘zbekiston — 2030 strategiyasida belgilangan suv resurslarini tejash, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish vazifalari bilan uyg‘unlikda amalga oshirilmoqda. Strategiya doirasida irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, raqamlashtirish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish orqali yo‘qotishlarni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.

Shu ma’noda, joylarda amalga oshirilayotgan har bir amaliy qadam — bu oddiy texnik tadbir emas, balki “Yangi O‘zbekiston”ning ekologik xavfsiz, barqaror va farovon kelajagiga qaratilgan mustahkam poydevordir. Suv — hayot manbai. Uni asrash va samarali boshqarish esa taraqqiyotning eng ishonchli kafolatidir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri