Mamlakatimizda suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida islohotlar izchil olib borilayotganiga qaramasdan, joylarda noqonuniy ulanish va qonunbuzarliklar holatlari kuzatilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar haqida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Akmal Murodov brifingda ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, aholi orasida to‘lov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish hamda xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida joylarda qonunbuzarliklar aniqlanib, yetkazilgan zarar tegishli tartibda undirilmoqda.
Joriy yilda nazorat organlari bilan hamkorlikda 599 ta noqonuniy holat aniqlangan. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona viloyatida – 129 ta, Xorazm viloyatida – 85 ta, Qashqadaryo viloyatida – 69 ta, Navoiy viloyatida – 49 ta holatni tashkil etgan. Ushbu qonunbuzarliklar tufayli dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra jamiyat manfaatlariga 2,4 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan 202 mln so‘mlik zararning qoplanishi ta’minlangan.
– Suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish amaldagi qonunchilikda jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Shu bois iste’molchilar orasida to‘lov intizomini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Qarzdorliklarni qisqartirish maqsadida esa, 15,4 ming nafar iste’molchi bo‘yicha fuqarolik va iqtisodiy sudlarga 51,8 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan, shuningdek, respublikada 3,8 ming nafar iste’molchi suv ta’minoti tarmog‘idan vaqtincha uzilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.
Hisobot davrida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida iste’molchilarning debitor qarzdorliklari o‘tgan yil bilan solishtirilganda 349,1 mlrd so‘mga, ya’ni 37 foizga qisqartirilgan.
Shuningdek, brifingda aholi uchun zamonaviy to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilgani alohida ta’kidlab o‘tildi. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lganlar aksiyadorlik jamiyatining 55 503-10-55 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari yoki ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Telegram messenjeridagi maxsus guruh orqali xabar berishlari mumkinligi qayd etildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA