Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv va oqova tizimi yangilanmoqda
21:03 / 2026-02-09

Sirdaryo viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv muammolarini bartaraf etish va qulay infratuzilma yaratish dolzarb va muhim masalalardan hisoblanadi. Bir necha yil muqaddam bu sohada yechim talab qiluvchi masalalar ko‘p edi. Davlatimiz rahbari va hukumatning aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan farmon va qarorlari bu muammolarning amaliy yechimi bo‘ldi.

Ana shu ishlar samarasi o‘laroq, 2025 yil davomida respublika byudjeti va xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobiga 25 ta ob’ektda 154,6 km ichimlik suvi va 68,8 km oqova suv tarmoqlari barpo etildi. Shuningdek, 34 ta ichimlik suvi va oqova inshooti qurildi. Guliston shahrida aholini 24 soat davomida ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 64 kilometrlik tarmoq yangilandi, bu esa 22 ming xonadon, ya’ni 102 ming nafar aholining suv ta’minoti sifatida sezilarli natija berdi. Yangi “gorizontal burg‘ilash” texnologiyasi qurilish xarajatlari va vaqtni tejash imkonini berdi.

– Suv ta’minoti tizimidagi modernizatsiya davomida 60 ta rezervuar va 498 ta suv minorasi tozalandi, yuvildi va zararsizlantirildi. Shuningdek, 2025–2026 yilgi kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 151 ta nasos uskunalari va 22 km ichimlik hamda oqova suv tarmoqlari to‘liq ta’mirdan o‘tkazildi. Energiya samaradorligi past bo‘lgan 23 ta nasos zamonaviy energiya tejamkor nasoslar bilan almashtirildi, – dedi Guliston shahrida “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ hamda Sirdaryo viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ rahbari Shahboz Akromov.

Korxona mablag‘lari hisobiga suv inshootlariga 38 ta suv hisoblagichlari o‘rnatildi. Shu bilan birga, aholini asosiy ichimlik suvi bilan ta’minlovchi “Beshbuloq” va “To‘rttom-Sirg‘ali” suv inshootlari raqamli suv hisoblagichlar bilan jihozlanib, markazlashtirilgan holda “SCADA” tizimiga integratsiya qilindi. Bu suv ta’minoti tizimini raqamli monitoring va samarali boshqarish imkonini beradi.

Ichimlik suviga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida 11 ta tuman va shaharlardagi avariya-tiklash birikmalari tubdan takomillashtirildi, zarur texnikalar bilan ta’minlandi va ehtiyojdan kelib chiqib asbob-uskunalar zaxirasi yaratildi. Shuningdek, 3 ta markaziy laboratoriya milliy standart talablariga to‘liq muvofiqligi ta’mnlandi.

2025 yilda debitor qarzdorlikni kamaytirish maqsadida 8,6 ming iste’molchi tarmoqdan uzildi, 9,2 ming iste’molchi qarzdorligi sud orqali undirildi va 9,3 ming iste’molchi ixtiyoriy ravishda qarzini to‘ladi. Bu orqali debitor qarzdorlik ikki baravar kamaytirildi.

Ushbu yilda 20,7 ming iste’molchi suv hisoblagichlari bilan ta’minlandi, qamrov darajasi 84 foizdan 95 foizga ko‘tarildi. Yakunda 16 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi va 100 ming nafarga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi.  

2026 yilda suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish uchun “Investitsiya” dasturi doirasida 18,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu mablag‘ hisobiga 7,5 km ichimlik suvi tarmog‘i, 3,5 km oqova suv tarmog‘i, 2 ta ichimlik suvi va 2 ta oqova suv inshooti qurilishi va rekonstruksiyasi amalga oshiriladi. Shuningdek, “Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga 24 ta mahallada kanalizatsiya tizimlari barpo etiladi. Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga esa 73 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari quriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yil yakunida 44 mingdan ortiq, shu jumladan 9 ming nafar aholi  ilk bor suv ta’minoti bilan ta’minlanadi va markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti darajasi kamida 89,5 foizga yetkaziladi.

Anjuman yakunida “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ hamda Sirdaryo viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi rahbar xodimlari tomonidan tizimda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida OAV xodimlari savollariga atroflicha javob berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri