Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Suv va hayot ramzi" g‘oliblari taqdirlandi
17:34 / 2020-11-10

Poytaxtimizda "Suv va hayot ramzi" mavzuida eskizlar va haykaltaroshlik ijodiy ishlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

"UzWaterAware" loyihasi doirasida o‘tkazilgan ushbu tanlovning taqdirlash marosimida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali direktori, loyiha menejeri Shahnoza Umarova, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti haykaltaroshlik kafedrasi mudiri Nafisa Gilmanova va boshqalar suv va ekologiyani asrashga qaratilayotgan chora-tadbirlarda bu kabi tanlovlar ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

Hayotimiz uchun suv va ekologiyani asrash juda muhim. Tanlovning asosiy maqsadi ham ishtirokchilarni suv resurslari haqida eskizlar va haykaltaroshlik ijodiy ishlarni yaratishga da’vat etib, aynan ushbu mavzuga barchaning e’tiborini tortishga qaratildi. Unda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati va P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kolleji o‘qituvchi, talaba va o‘quvchilaridan 60 nafari o‘z ijodiy ishlarini taqdim etdi.

Tanlovga havola etilgan suv va uning ahamiyati, suv va ekologiya, Orol dengizi kabi mavzulardagi 48 ta asardan 9 tasi tanlab olindi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, "san’at maktablari o‘quvchilari" nominatsiyasi bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilari Sarvarbek G‘oziqulov birinchi o‘rin, Nozim Abdusamatov ikkinchi o‘rin va Muhayyo Jumanazarova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

"San’at oliy o‘quv yurtlari talabalari va magistrantlari" nominatsiyasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari Nabijon Zoirov birinchi o‘rin (Jizzax viloyati), Hayitmirzo Yokubjonov ikkinchi o‘rin (Namangan viloyati) va Ma’mur Mahmudov uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. "San’at maktablari va universitetlarining o‘qituvchilari" nominatsiyasida Botir Hakimov birinchi o‘rin, Andrey Grechkin ikkinchi o‘rin va Sherzod Kuryazov uchinchi o‘rin g‘olibi bo‘ldi.

– Tanlovda Orol muammosiga bag‘ishlangan kompozitsiyam bilan qatnashdim, – dedi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘qituvchisi Botir Hakimov. – Unda Orol dengizining qurishi va dengiz atrofida yashaydigan aholi hayoti aks ettirilgan. Albatta, Orol dengizi bugun barchamizning suvga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirdi. Tanlovga taqdim etgan ishim yuqori baholanib, birinchi o‘rinni egalladim. Bu meni yanada ijodiy faollikka undaydi. Ushbu tanlov nafaqat o‘qituvchilarni, balki talabalarimizning ham ijodiy faolligini oshirdi. Yaqinda shu tanlovda g‘olib bo‘lgan magistrantimiz Hayitmirzo Yoqubjonov yaratgan ilk ishlaridan biri Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi va uning O‘zbekistondagi filiali tavsiyasi va ko‘magi bilan Urganch shahridagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘rnatilgani bizni juda quvontirdi.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA