Sirdaryo viloyatida energiya tejamkor nasos stansiyalari va zamonaviy texnologiyalar orqali bir yilda 1,700 mln kVt.soat elektr energiyasi tejaldi. Bu natija nafaqat iqtisodiy samarani ta’minlaydi, balki suv resurslaridan oqilona foydalanish va yer maydonlarini samarali sug‘orish imkonini ham beradi.
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi huzuridagi Sirdaryo nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi rahbari Davron Abdullayev ta’kidlaganidek: – Energiya tejavchi nasos stansiyalari nafaqat elektr energiyasini tejash imkonini beradi, balki suvdan oqilona foydalanish va yer maydonlarini samarali sug‘orishda ham katta ahamiyatga ega.

Boshqarma hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylari davomida 16,124 mln kVt.soat elektr energiyasi sarflandi. Bu energiya limiti 17,840 mln kVt.soatdan kam foydalanilganini ko‘rsatadi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan energiya tejamkorligi 4,584 mln kVt.soatga oshgan.
Sirdaryo viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasi 44 ta nasos stansiyasi va 697 ta tik quduq orqali 63,724 gektar hududda suvdan samarali foydalanishni ta’minlamoqda. Sug‘orish nasos stansiyalari orqali 38,885 gektar, meliorativ nasos stansiyalari orqali 24,839 gektar maydon qoplangan.

Energiya tejash dasturi doirasida nasos stansiyalari modernizatsiya qilindi: elektrodvigatellar, nasoslar, chastota o‘zgartiruvchi va kondensator qurilmalari hamda quyosh panellari o‘rnatildi. Shu orqali qo‘shimcha 645 ming kVt.soat elektr energiyasi tejalishi rejalashtirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslari cheklangan Sirdaryoda tuproq o‘zanli ariq va kanallar betonlashtirilmoqda, nasos stansiyalari zamonaviy energiya tejamkor qurilmalar bilan ta’minlanmoqda, ekin maydonlarida suv sarfi minimallashtirilmoqda.

– Bilasizmi, boshqarma suv va energiya tejamkorligini ta’minlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilan birga barqarorlik va ekologik samaradorlikni ham ko‘zda tutadi. Har bir agregat va nasos suvdan oqilona foydalanishni, yerlarni meliorativ holatda saqlashni va hosildorlikni oshirishni ta’minlaydi", — deydi Davron Abdullayev.
Suv va energiya tejamkorligi sohasidagi bu tadbirlar nafaqat iqtisodiy samara, balki ekologik barqarorlik va qishloq xo‘jaligi hosilini oshirishda ham ahamiyatli bo‘lib, Sirdaryodagi suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri