Suv insoniyat uchun eng muhim resurs bo‘lib, sayyoramizning 70 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi. Dunyodagi suvlarning 94 foizi okeanlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Biroq, foydalanishga yaroqli bo‘lgan ichimlik suvining zahirasi 2 foizga ham yetmaydi. Shu sababli bugungi kunda insoniyatni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash eng dolzarb masala hisoblanadi.
Dunyoning turli mamlakatlarida toza ichimlik suvi yetishmasligi oqibatida iste’molga yaroqsiz, ifloslanish darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan suvdan foydalangan aholi turli xil kasalliklarga chalinayotganligi suvni avaylab-asrash, undan tejab-tergab foydalanishni taqozo etadi. O‘zbekiston hududida ichimlik suvining 65 foizi yer osti va 35 foizi yer usti suv manbalaridan olinadi.
Ichimlik suv uyimizga, ishxonamizga yetkazib beriladi, jumrakni burasak bas, zilol suv oqib turibdi. Shuning uchun uning qadriga yetmaymiz. Shu ichimlik suvi jumrakka yetib kelishi uchun katta-katta korxonalar, qanchalar texnika, ishchilar ishlayotganini ko‘z oldimizga keltirmaymiz. Ichimlik suvini markazlashgan tizimlar orqali aholiga uzluksiz va sifatli yetkazib berish ko‘p mashaqqat, mehnat va xarajatni talab etadi. Shu bois foydalanilgan suv uchun to‘lovni ham o‘z vaqtida to‘lab borishni unutmasligimiz lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinig 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarori bilan “Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari” tasdiqlangan. Ushbu qoidalar ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari, kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari bilan iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Keyingi yillarda Samarqand shahrida ichimlik suvi va oqova xizmatlari haqini undirish to‘g‘risidagi da’volarning sudlarga berilishi ortib borayotganligi, iste’molchilar tomonidan markazlashgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish, ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilmayotganligini ko‘rsatmoqda.
Masalan, «Samarqand suv ta’minoti» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Samarqand viloyat iqtisodiy sudlariga 2021 yilning o‘n oyi davomida ichimlik suvi va oqova xizmati haqini undirish yuzasidan 208 ta da’vo arizasi kiritilgan. Shu davrda iqtisodiy sudlar tomonidan 180 ta ish ko‘rib hal etilgan. Shundan 142 ta da’vo arizasi qanoatlantirilib, iste’molchilardan “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 5 milliard 731 million so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarorlari qabul qilingan.
Sudlarda ko‘rib chiqilgan shu toifadagi ishlarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nizolar aksariyat hollarda ist’emolchilar markazlashgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olishi, suv o‘lchagich asboblaridagi tamg‘alarning saqlanmaganligi, suv o‘lchagich asboblarini o‘z vaqtida qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish choralarini ko‘rmaganligi, tamg‘alanmagan suv o‘lchagich asboblaridan foydalanligi oqibatida kelib chiqmoqda.
Sudlar tomonidan nizolarni qonuniy hal qilish bilan birgalikda, ularning yuzaga kelishi oldini olish maqsadida iste’molchilarga keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, kuni kecha viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish agentligining Samarqand viloyat boshqarmasida «Samarqand suv ta’minoti» MCHJ mas’ul xodimlari va ichimlik suvi iste’molchilari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Suvning bir tomchisi ham aziz. Ulug‘larimiz “Dengiz yonida bo‘lsang ham bir tomchi suvni uvol qilma”, deb bejizga aytmagan.
Orifjon NURIMOV,
Samarqand viloyat sudining sudyasi.